Qirg‘iziston va Pokiston chorshanba kuni ikki tomonlama savdo hajmini hozirgi 16 million dollardan 200 million dollargacha oshirish uchun amaliy choralar ko‘rishga kelishib oldi. Bu haqda ikki mamlakat yetakchilari ma’lum qildi.
Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan birga so‘zga chiqqan Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Bishkek Islomobod bilan ikki tomonlama aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarishdan manfaatdor ekanini bayon etdi.
“Qisqa muddat ichida mamlakatlarimiz o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan yuqori darajadagi aloqalar o‘zaro mustahkam ishonch hamda Qirg‘iziston–Pokiston munosabatlarini yangi darajaga olib chiqishga bo‘lgan umumiy intilishlarimizning yorqin dalilidir”, — dedi u.
Sadir Japarov Shahboz Sharif bilan o‘tkazilgan muzokaralarni sermazmun deb baholadi va ikki mamlakat iqtisodiy aloqalarni yanada kuchaytirishga kelishib olganini qayd etdi.
U Markaziy Osiyoning energiya salohiyatini Janubiy Osiyoning ortib borayotgan energiya ehtiyojlari bilan bog‘lovchi CASA-1000 loyihasining alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
O‘z navbatida, Shahboz Sharif Pokiston va Qirg‘iziston yaqin ikki yil ichida o‘zaro savdo hajmini hozirgi taxminan 16 million dollardan 200 million dollargacha yetkazish ustida ishlashga kelishib olganini bildirdi.
Bosh vazir mavjud savdo ko‘rsatkichlari ikki mamlakat munosabatlarining haqiqiy salohiyatini aks ettirmasligini aytib, hukumatlar va xususiy sektorlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
Tomonlar, shuningdek, savdo-sotiqni kengaytirish va transport aloqalarini yaxshilash chora-tadbirlari doirasida mamlakatlararo tijorat qatnovini osonlashtirishga qaratilgan tranzit savdosi to‘g‘risidagi bitimni yakuniga yetkazdilar.
Yetakchilar savdo, ta’lim, fan va texnologiyalar, sog‘liqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, xavfsizlik hamda boshqa sohalarni qamrab oluvchi bir qator bitim va memorandumlar imzolanishi marosimida ishtirok etdilar.
Hujjatlar sirasiga ekstraditsiya to‘g‘risidagi bitim, pochta xizmatlari va elektron tijorat sohasidagi hamkorlik, shuningdek, Qirg‘izistonning O‘sh shahri hamda Pokistonning Lahor shahri o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish haqidagi kelishuvlar kiritilgan.
Sadir Japarov va Shahboz Sharif Pokiston Bosh vazirining rasmiy tashrifi chog‘ida muhokama qilingan ustuvor yo‘nalishlarni belgilab beruvchi qo‘shma bayonotni imzoladilar. Mazkur tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan.



























