SIYOSAT
1 daqiqa o'qish
AQSh BMT Bosh Assambleyasida ishtirok etadigan Mahmud Abbosning viza talabini rad etdi
AQSh unga viza berishdan bosh tortgani sababli, Falastin Davlat rahbari Mahmud Abbos BMT Bosh Assambleyasida videokonferensiya orqali nutq so'zlashi kutilmoqda.
AQSh BMT Bosh Assambleyasida ishtirok etadigan Mahmud Abbosning viza talabini rad etdi
AQSh BMT Bosh Assambleyasida ishtirok etishi rejalashtirilgan Mahmud Abbosning viza soʻrovini rad etdi

AQSh kelasi hafta Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh assambleyasida nutq so‘zlashi kutilayotgan Falastin davlati Prezidenti Mahmud Abbosning viza talabini rad etdi.

The Times of Israel nashrining bir AQSh va bir Falastin rasmiysiga tayanib xabar berishicha, Abbos ketma-ket ikkinchi yildirki, Bosh assambleyaga videokonferensiya orqali murojaat qilishga majbur bo‘ladi.

Mahmud Abbosdan tashqari, Bosh assambleyada qatnashish uchun AQShga kelishi kutilgan boshqa falastinlik rasmiylarning ham viza arizalari rad etildi.

Falastinlik rasmiylardan birining bildirishicha, ularga viza berilmasligining sababi sifatida AQSh qonunchiligidagi "har qanday vaqtda terrorchilik faoliyatlarida qatnashgan yoki terror tashkiloti bilan aloqasi bo‘lgan shaxslarga viza berishni taqiqlovchi 212(a)(3)(B)-moddasi" ko‘rsatilgan. Abbosning viza arizasi aynan shu sababga ko‘ra rad etilgani hozircha noma'lum.

Boshqa tomondan, AQSh Davlat departamenti bayonotida Falastin ma'muriyati rasmiylariga nisbatan viza cheklovlari uzaytirilgani ma'lum qilindi. Bunga "islohotlar amalga oshirilmagani, AQSh oldidagi majburiyatlarga zid harakat qilingani va tinchlik umidlarini so‘ndiruvchi faoliyatlar davom ettirilgani" sabab qilib ko‘rsatilgan.

Biroq departament bayonotida Mahmud Abbosning o‘ziga viza berilmagani haqidagi xabarlar tilga olinmagan.