Davlat ommaviy axborot vositalari xabariga ko‘ra Xitoydagi portlardan biriga kirib kelgan chet el bayrog‘i ostidagi yuk tashuvchi kemada yuz bergan yong‘in oqibatida kamida 20 kishi halok bo‘lgan, besh kishi esa bedarak yo‘qolgan.
Davlat telekanali CCTV ma’lumotlariga ko‘ra mamlakat sharqidagi muhim dengiz markazi bo‘lgan Qingdao shahrida langar tashlab turgan quruq yuk tashuvchi kemada payshanba kuni yong‘in chiqqan. Hodisa vaqtida kemada 42 kishi bo‘lgan.
Ulardan 17 nafari (besh nafar jarohatlangan) evakuatsiya qilinar ekan, besh kishi haligacha bedarak yo‘qolgan deb xabar qilindi. CCTV, tiriklik alomatlari kuzatilmagan 20 kishining esa jasadi topilganini ma’lum qildi.
Telekanalning xabar berishicha, ochiq alangalar taxminan soat 14:30 da (GMT bo‘yicha 06:30) o‘chirildi. Davlat axborot agentligi Xinhua esa yong‘in avvalroq, soat 11:15 lar atrofida boshlanganini xabar qilgan edi.
Xinhua yong‘inning sababini ma’lum qilmagan. Agentlik Shandong viloyatining Qingdao shahridagi Beihai Shipbuilding Co., Ltd. kompaniyasiga tegishli xorijiy yuk tashuvchi kema ta’mirlash maqsadida portga kirgan paytda yong‘in chiqqani va hodisa og‘ir talafotlarga sabab bo‘lganini bildirgan.
Xinhua xabariga ko‘ra Davlat raisi Si Szinpin zudlik bilan qidiruv - qutqaruv ishlarini olib borishga chaqirib, aybdorlar javobgarlikka tortilishi kerakligini ta’kidlagan.
Xinhua kemasozlik zavodiga yaqin joyda turgan va oldida ko‘plab o‘t o‘chirish mashinalari joylashgan «Ocean Melody» nomli buyuk kemaning suratini ham e’lon qilgan.
MarineTraffic kemalarni kuzatish saytining ma’lumotlariga ko‘ra «Ocean Melody» Liberiya bayrog‘i ostida suzuvchi, uzunligi 190 metr bo‘lgan quruq yuk tashuvchi kemadir. Sayt kemani Qingdao portida langar tashlab turgan holatda ko‘rsatmoqda.


















