Dushanba kuni Pokistonning shimoli-g‘arbida sodir bo‘lgan portlash oqibatida kamida uch kishi halok bo‘ldi, to‘rt kishi esa yaralandi.
Qo‘lbola portlovchi moslama yordamida amalga oshirilgan hujum Afg‘oniston chegarasiga yaqin qabila hududi bo‘lgan Janubiy Vaziriston markazi Vana shahridagi bozorda yuz berdi.
Hudud politsiyasi boshlig‘i Muhammad Tohir jurnalistlarga bergan bayonotida, portlash halok bo‘lganlar orasida bo‘lgan Ahmadzay qabilasi yetakchisining avtomobilini nishonga olganini aytdi.
Ma’lum qilinishicha, Ahmadzay qabilasi mahalliy aholining 60 foizidan ortig‘ini tashkil qiladi.
Hozirgacha hujum uchun javobgarlikni hech bir guruh o‘z zimmasiga olmadi.
Beqaror vaziyat hukm surayotgan Janubiy Vaziriston Pokistondagi turli jangari guruhlarni birlashtirgan “Tehrik-i-Tolibon Pokiston” tashkilotining asosiy markazi sifatida taniladi.














