TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Turkiya global sun’iy intellekt markaziga aylanish uchun yo‘l xaritasini e’lon qildi
Xabardorlikni oshirish va malakalarni rivojlantirish
Turkiya global sun’iy intellekt markaziga aylanish uchun yo‘l xaritasini e’lon qildi
Turkiya 2030-yilgacha maʼlumotlar markazlarining umumiy oʻrnatilgan hisoblash quvvatini bir gigavattga yetkazishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻydi. / AA

Tashabbus doirasida ikki yil ichida mamlakatning 81 viloyatidagi besh million fuqaroga sun’iy intellekt savodxonligi bo‘yicha ta’lim berish maqsad qilingan.

Rasmiylar, shuningdek, 10 ming nafar yuqori malakali mutaxassis va 100 ming nafar amaliyotchi mutaxassis tayyorlash uchun milliy iste’dodlar dasturini boshladi.

Kamida ikki mingta davlat ma’lumotlar to‘plamini tayyorlash hamda foydalanuvchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan huquqiy va axloqiy asos yaratish rejalashtirilgan.

Infratuzilmani barpo etish

Turkiya 2030-yilgacha ma’lumotlar markazlarining jami o‘rnatilgan hisoblash quvvatini bir gigavattga yetkazishni maqsad qilgan.

Hukumat hisoblash resurslaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish uchun tadqiqotchilar, startaplar va kichik korxonalarga 20 million GPU-soat ajratdi.

Rejaga ko‘ra, davlat tashkilotlari investitsiya budjetlarining kamida ikki foizini sun’iy intellekt loyihalariga yo‘naltirishi shart.

Ustuvor yo‘nalishlarda, avvalo, sog‘liqni saqlash, energetika va aqlli ishlab chiqarish sohalarida tajriba dasturlari boshlandi.

Hukumat, shuningdek, energiya va infratuzilmadan foydalanish imkoniyati qulay bo‘lgan hududlarda sun’iy intellektni rivojlantirish zonalarini tashkil etishga qaror qildi.

Bundan tashqari, mahalliy startaplarni moliyalashtirish uchun rivojlanish jamg‘armasi va sun’iy intellekt tadqiqotlari jamg‘armasi tashkil etildi.

Yo‘l xaritasi dasturchilarni turk tilidagi sohaga ixtisoslashgan til modellari hamda jismoniy robototexnika yechimlarini ishlab chiqish va eksport qilishga rag‘batlantiradi.

Mintaqaviy diplomatiyada yetakchilik

Turkiya xususiy sektor yetakchiligida sun’iy intellekt va ma’lumotlar markazlari sohasiga kamida 10 milliard dollarlik sarmoya jalb etishni maqsad qilgan. Davlat esa Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti — OECD, “Katta yigirmatalik” — G20 hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti kabi xalqaro platformalarda faol ishtirok etishni rejalashtirmoqda.

Mintaqaviy sa’y-harakatlar turkiy tillar uchun umumiy yirik til modelini ishlab chiqish hamda kamida beshta ustuvor sohada tartibga solish bo‘yicha tajriba maydonlarini ishga tushirishni o‘z ichiga oladi.

Turkiya Sanoat va texnologiyalar vaziri Mehmet Fatih Kachir sun’iy intellekt iqtisodiy farovonlik va suverenitet chegaralarini belgilovchi yangi omilga aylanganini ta’kidladi.

Vazir seshanba kuni bergan bayonotida Turkiya ushbu global o‘zgarish jarayonida tomoshabin emas, balki yetakchi sifatida harakat qilishga qaror qilganini aytdi.

Kachir, shuningdek, Turkiya o‘z qadriyatlariga asoslangan ishonchli mahsulotlarni ishlab chiqaradigan va strategik sohalarda yechimlarni keng joriy etadigan ekotizim barpo etishni maqsad qilganini bildirdi.

Vazir Turkiya ushbu imkoniyatlardan mamlakat farovonligi va insoniyatning umumiy manfaati yo‘lida maksimal darajada foydalanishni rejalashtirayotganini qo‘shimcha qildi.