Professor, doktor Kurshad Zo‘rlu, Vengriyaning Bach - Kishkun viloyatidagi Bugats shaharchasida uyushtirilgan «Buyuk Hun - turk qurultoyi»ning rasmiy ochilish marosimida nutq so‘zladi.
Dunyoning turli burchaklaridan va turk xalqlari yashaydigan hududlardan minglab inson ushbu tadbirda qatnashganini ifoda etgan Zo‘rlu: «So‘zimni boshlashdan avval do‘st va qardosh Turkiyadan juda muhim va samimiy salom olib keldim. Turkiya Respublikasi Prezidenti, hurmatli Rejep Tayyip Erdo‘g‘anning salomini yetkazmoqchiman» - dedi.
Zo‘rlu Vengriya dashtining serhosil va qutlug‘ zaminida Turon qurultoyi uchun yig‘ilganliklarini ta’kidlab, mavzu haqida:
«Bu oddiy zamin va geografik hudud emas. Bu Osiyo dashtlaridan yo‘lga chiqib, otlarini Tuna (Dunay) suvlari tomon haydab, Yevropada yangi davr ochgan Buyuk Hun davlatining va Atilla qadam bosgan xotira maskanidir. Asrlar davomida geografik jihatdan bir - biridan uzoqlashgan ammo ruhi, qoni, tili va xotirasi hech qachon bir - biridan uzilmagan buyuk bir oilaning qayta uchrashuviga guvoh bo‘lmoqdamiz» - dedi.
O‘rta Osiyodan Vengriyagacha cho‘zilgan tarixiy jarayon ikki xalq o‘rtasida umumiy kelib chiqish bilan bir qatorda madaniy va til aloqalarining shakllanishiga zamin yaratganini yodga solgan Zo‘rlu, bu holat turk - vengr munosabatlariga bugungi kungacha o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan kuchli tarixiy teranlik bag‘ishlaganini qayd etdi.
Zo‘rlu Atillaning jasoratini, Bilga xoqonning davlat boshqaruvi haqidagi donoligi va an’analarini o‘zlariga singdirib, kelajak sari dadil qadam tashlayotganlarini ta’kidladi.
«Bugun 8 davlatimiz a’zo bo‘lgan TDTning iqtisodiy hajmi 2,6 trillion dollarga yetdi».
G‘oziy Mustafa Kemal Ataturkning 1932 - yili aytgan so‘zlarini yodga solgan Zo‘rlu mavzu haqida:
«Ataturk shunday degan edi: ‘Turklar bilan vengrlar ikki qardosh millatdir. Tili, madaniyati va etnik kelib chiqishi bilan ikki qardosh millat...’ Mana, bugun bu yerda, vengr do‘stlarimiz mezbonligida, Yevropaning qoq markazida shunday uchrashuvni amalga oshirishimiz biz uchun ushbu qutlug‘ yo‘lning muhim belgisi bo‘ldi» - dedi.
Zo‘rlu dunyo jiddiy sinovlar, iqtisodiy va siyosiy tebranishlarni boshdan kechirayotganiga e’tibor qaratib, dunyo tinchligi va osoyishtaligiga hissa qo‘shish uchun Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) kelajak sari ishonchli qadamlar bilan ilgarilayotganini qayd etdi.
TDTning ushbu tarixiy birligi uchun muhim burilish nuqtalaridan biri 29 – 30 - oktabr kunlari Anqarada bo‘lib o‘tishini ta’kidlagan Zo‘rlu:
«Bugun 8 davlatimiz a’zo bo‘lgan ushbu tashkilotimizning iqtisodiy hajmi 2,6 trillion dollarga yetdi. Birligimizni saqlab qolsak, 2030 - yilda dunyoning eng yirik 10 iqtisodiyotidan biriga aylanamiz. Qariyb 200 million aholimiz bilan Yevropa va Sharq o‘rtasida tinchlik, osoyishtalik va farovonlik markazi sifatida TDT kelajak sari ilgarilamoqda. Tarixda hunlar qanday qilib ko‘kturklar bilan ajralmas bir butun bo‘lgan bo‘lsa, bugun Turkiyani ham Vengriyadan aslo ajratib bo‘lmaydi» - degan ifodalarga o‘rin berdi.
Zo‘rlu buyuk mutafakkir Ismoil Gaspiralining mashhur «Tilda, fikrda, ishda birlik» shioriga ishora qilib, buning endilikda shunchaki istak emasligi, uni bosqichma - bosqich hayotga tatbiq etishda davom etayotganlarini ta’kidladi.
Turkiyada turk dunyosining TÜDSES (Turk dunyosi fuqarolik jamiyati tashkilotlarini qo‘llab - quvvatlash tizimi) nomli raqamli platformasini tashkil etganlarini eslatgan Zo‘rlu:
«Buni mobil qurilmalarimizga yuklab olib, butun turk dunyosi jam bo‘lgan ushbu raqamli platformada — TÜDSESda uchrashishni taklif qilaman» - dedi.
Zo‘rlu ushbu ulkan uchrashuvning amalga oshishiga hissa qo‘shgan, avvalo, Vengriya Turon jamg‘armasi raisi Andrash Biro, jamg‘armaning boshqa mutasaddilari, Vengriya davlatining barcha vakillari hamda ishtirokchilarga minnatdorchilik bildirdi.
Ochilish marosimidan avval Anado‘lu axborot agentligi (AA) va TRTga maxsus intervyu bergan Zo‘rlu, turk tarixining teranliklarini anglash hamda Turkiyaning Sharq va G‘arb o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini yana bir bor idrok etish uchun juda muhim uchrashuvda qatnashayotganlarini ta’kidladi.
Butun turk dunyosi ishtirokchilari bilan uzoq yillardan buyon «Buyuk Hun - turk qurultoyi» nomi ostida o‘tkazib kelinayotgan ushbu qurultoyda qatnashayotganliklarini bildirgan Zo‘rlu:
«Turk dunyosidagi jarayonlarda, ayniqsa, 8 ta turkiy davlatning TDT tarkibida bo‘lishi va tashkilotning tobora kuchayib borishida, albatta, Vengriya juda muhim mavqega ega. Vengriya go‘yo turk dunyosining G‘arbga ochilgan oynasidir. Turkiyani esa aslida Yevropaning turk dunyosi va Sharqqa ochilgan oynasi sifatida ta’riflaganimizda, bu ham tariximizning birligi, ham bugungi kunning zaruratlari nuqtayi nazaridan juda muhim uchrashuv va birlikdir» - dedi.
«Vengriya bilan Turkiya turk dunyosining muhim kuch markazlari bo‘lib qoladi».
Zo‘rlu bunday tadbirlar orqali Turkiya va Vengriya munosabatlari bilan bir qatorda turk - vengr do‘stligi hamda Vengriyaning turk dunyosidagi ahamiyati tobora ortib borishini qayd etdi.
Vengriya, ayniqsa, 2018 - yili TDTga kuzatuvchi a’zo bo‘lganidan so‘ng tashkilot yangi bir ko‘z qarashga ham ega bo‘lganini ta’kidlagan Zo‘rlu Turkiya va Prezident Erdo‘g‘an Vengriyaga katta ahamiyat berishini o‘z so‘ziga ilova etdi.
Zo‘rlu: «COP31 sammitida ham, ayniqsa, Yevropa va Vengriya hozir boshdan kechirayotgan suv tanqisligi va qurg‘oqchilik muammolari bo‘yicha hamkorlik qilishimiz kerak. U yerda bu borada juda kuchli sammit o‘tkaziladi. Atrof - muhit, shaharsozlik va iqlim o‘zgarishi vazirimizning taklifi bilan, inshaalloh, barcha sohalardagi hamkorligimizni kengaytiramiz. Avvalo, transport va energetika yo‘nalishlari bo‘yicha Vengriya va Turkiya turk dunyosining muhim kuch markazlari bo‘lib qoladi» - deya gapirdi.
Vengriyada Turkiyaga bo‘lgan muhabbat turk fuqarolari tasavvur qilganidan ham yuqori ekanini aytgan Zo‘rlu, ushbu hududdagi aholining Turkiya va Vengriya o‘rtasidagi munosabatlarning rivojlanishi va mustahkamlanishidan juda mamnun ekanini bildirdi.
Zo‘rlu Turk hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA), Yunus Emre instituti va boshqa turk dunyosi tashkilotlarning bu yerdagi faoliyatini kengaytirishi natijasida Turkiya bilan Vengriya orqali Yevropa va G‘arb bilan Sharqning yaqinlashuvi tobora kuchayishini ta’kidlab, ushbu faoliyatlarni qo‘llab - quvvatlashda davom etishlarini aytdi.
Kecha boshlangan va hun hamda turkiylardan kelib chiqqan jamoalarni birlashtirish maqsadida tashkil etilgan «Buyuk Hun - turk qurultoyi» ertaga o‘z ishini yakunlaydi.















