Janubiy Koreya prezidenti Li Je-myung chorshanba kuni Seul xalqaro hamjamiyat tomonidan Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxuga nisbatan chiqarilgan hibsga olish orderlarini e’tiborga olishi kerakligini aytdi. Shuningdek, u G’azoga gumanitar yordam ketayotgan va bortida Janubiy Koreya fuqarolari bo'lgan kemaning Isroil armiyasi tomonidan qo'lga olinishini keskin qoraladi.
Vazirlar Mahkamasi yig'ilishida so'zlagan Li Je-myung "Global Sumud" flotillasining to'xtatilishini huquqiy jihatdan shubha ostiga oldi. The Chosun Daily nashrining xabar berishicha, prezident kema Isroil hududiy suvlariga kirganmi yoki xalqaro tan olingan biror chegarani buzganmi, degan savolni o'rtaga tashlagan.
"Deyarli barcha Yevropa davlatlari Netanyaxuni hibsga olish orderini qo'llab-quvvatladi va u o'z hududlariga kirgan taqdirda qo'lga olinishini e'lon qildi. Biz ham ushbu masalani ko'rib chiqishimiz kerak", — dedi prezident.
U o'z so'zida davom etib: "Xalqaro minimal normalar mavjud va Isroil ularning barchasini buzmoqda. Ular tamoyillarga rioya qilishlari shart; biz buni juda uzoq vaqt sabr bilan kuzatdik. G'azoga ko'ngilli bo'lib ketayotgan va bortida bizning fuqarolarimiz bo'lgan gumanitar kemalarni Isroil qo'lga olishi yoki cho'ktirishi uchun qanday huquqiy asos bor? Isroilning G'azoga bostirib kirishi va u yerda nazorat o'rnatishi xalqaro huquqqa ko'ra noqonuniy emasmi?" — deya ta’kidladi.
Bunga javoban Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi Wi Sung-lac: "Buni tekshirish kerak... Aslida bu mojaro Hamasning Isroilga hujum qilib, taxminan 2 000 kishini o'ldirishi bilan boshlandi. Bu esa Isroilni ushbu hududda harbiy nazorat o'rnatishga majbur qildi", — dedi.
Prezident Li bunga e'tiroz bildirib, G'aza Isroil hududi ekan-yo'qligini so'radi. Maslahatchi Wi esa: "Yo'q, bu Isroil hududi emas", deb javob berdi.
"Unday bo'lsa, biz bunga norozilik bildirmasligimiz kerakmi? Hatto urush ketayotgan bo'lsa ham, uchinchi mamlakat kemalarini qo'lga olish mumkinmi? Bu nafaqat qonun, balki oddiy mantiq (sog'lom fikr) masalasidir, shunday emasmi?" — dedi Li Je-myung.
Ma'lum bo'lishicha, Isroil harbiy-dengiz floti tomonidan hujumga uchragan va qo'lga olingan kemalarda ikki nafar Janubiy Koreya fuqarosi bo'lgan.
50 dan ortiq qayiqlardan iborat ushbu flotilla payshanba kuni Turkiyaning O'rta yer dengizi bo'yidagi Marmaris shahridan G'azoga yo'l olgan edi. Bu Isroilning 2007-yildan buyon davom etayotgan qamalini buzish uchun navbatdagi urinish bo'ldi.
Tashkilotchilarning bildirishicha, missiyada 426 kishi ishtirok etmoqda, ulardan 96 nafari turkiyalik faollardir. Qolgan ishtirokchilar Germaniya, AQSh, Argentina, Avstraliya, Bahrayn, Braziliya, Jazoir, Indoneziya, Marokash, Fransiya, JAR, Buyuk Britaniya, Irlandiya, Ispaniya, Italiya, Kanada, Misr, Pokiston, Tunis, Ummon va Yangi Zelandiya kabi yana 39 ta davlatdan yig'ilgan.
Bu flotillaga qilingan birinchi hujum emas. Isroil kuchlari "Global Sumud" yordam flotillasiga avvalroq, ya'ni 29-apreldan 30-aprelga o'tar kechasi Gretsiyaning Krit oroli qirg'oqlarida ham hujum uyushtirgan edi.














