TURKIYA
3 daqiqa o'qish
Erdo‘g‘an va Tramp CAATSA sanksiyalari va S-400 bo‘yicha yechim yo‘llarini muhokama qildi
Anqara va Vashington S-400 bo'yicha nizoni hal qilish uchun yangi rejalar ustida ishlamoqda.
Erdo‘g‘an va Tramp CAATSA sanksiyalari va S-400 bo‘yicha yechim yo‘llarini muhokama qildi
Tramp 2026-yilgi NATO sammiti arafasida Anqarada Erdo‘g‘on bilan muzokaralar oldidan so‘zga chiqib, 7-iyul kuni sanksiyalarni bekor qilishga va’da berdi. / Reuters Archive

Hakan Fidan: CAATSA sanksiyalarini bekor qilish va S-400 masalasida "ijodiy g‘oyalar" ustida ishlayapmiz

Turkiya mudofaa sanoatiga qarshi AQSh sanksiyalarini olib tashlash va S-400 bahsini hal qilish ustida faol ishlar olib borilmoqda. Bu haqda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan ma'lum qildi. Mazkur diplomatik harakatlar Prezident Rejep Tayyip Erdo’g‘an va AQSh Prezidenti Donald Tramp o‘rtasida bo‘lib o‘tishi kutilayotgan oliy darajadagi uchrashuv arafasida jadallashdi.

Shanba kuni Turkiyaning NTV telekanaliga bergan intervyusida Fidan, Anqara va Vashington BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi doirasidagi yetakchilar uchrashuvi oldidan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun "ijodiy g‘oyalarni" ko‘rib chiqayotganini aytdi.

"CAATSA sanksiyalarini olib tashlash ustida ishlayapmiz"

Yurt mudofaa sanoatiga qo‘yilgan cheklovlar haqida gapirar ekan, Hakan Fidan shunday dedi:

"CAATSA sanksiyalari, xususan, Mudofaa sanoati boshqarmamiz (SSB) uchun jiddiy muammo hisoblanadi. Biz hozirda ularni butunlay olib tashlatish ustida ish olib boryapmiz."

S-400 tizimlari tufayli yuzaga kelgan siyosiy tugunni yechish uchun yangi formulalar ko‘rib chiqilayotganini ta'kidladi:

"Bu sanksiyalarga sabab bo‘lgan S-400 masalasini hal etish uchun ham ayrim ijodiy g‘oyalar mavjud. Biz o‘zaro xohish-iroda bilan ushbu yechimlarni amaliyotga tatbiq etishga harakat qilyapmiz. Yaqin orada ijobiy qadamlar tashlaymiz deb umid qilaman."

Vazir Fidan munosabatlarni mustahkamlash bo‘yicha Donald Trampda ham intilish kuchli ekanini qayd etdi, biroq S-400 inqirozini hal qilish bo‘yicha ko‘rib chiqilayotgan loyihalarning batafsil tafsilotlarini ochiqlamadi.

Erdo’g‘an BMT Bosh Assambleyasida global xavflarga to‘xtaladi

Prezident Erdo’g‘an Bosh Assambleya sessiyasida ishtirok etish uchun Nyu-Yorkka yetib bordi. Tashqi ishlar vazirining so‘zlariga ko‘ra, Erdo’g‘an u yerda global muammolar yechimiga qaratilgan keng qamrovli nutq so‘zlaydi. Nutqdan, shuningdek, sun'iy intellekt kelgusida tug‘dirishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarga qarshi dunyo hamjamiyatini birgalikda harakat qilishga chaqiruvchi muhim bayonotlar ham o‘rin oladi.

CAATSA sanksiyalari nima?

Countering America’s Adversaries Through Sanctions Act (CAATSA) — 2017-yilda qabul qilingan AQSh qonuni bo‘lib, Rossiyaning mudofaa va razvedka sohalari bilan yirik shartnomalar imzolagan davlatlarga nisbatan cheklovlar joriy etishni nazarda tutadi.

  • Sanksiya ko‘lami: Turkiyaga qarshi qaratilgan choralar mamlakat Qurolli Kuchlari yoki umumiy iqtisodiyotini emas, balki bevosita Mudofaa sanoati boshqarmasi (SSB) va uning bir qancha yuqori martabali mulozimlarini nishonga olgan.

  • Taqiqlar tarkibi: SSBga AQSh eksport litsenziyalarini berishni taqiqlash, kreditlar va boshqa moliyaviy resurslarni cheklash hamda ro‘yxatga olingan amaldorlarga viza cheklovlarini o‘z ichiga oladi.

  • Bekor qilinishining ahamiyati: Ushbu sanksiyalarning olib tashlanishi Turkiyaning AQSh mudofaa texnologiyalari va moliyaviy bozorlariga kirishini osonlashtiradi. Harbiy xaridlar hamda qo‘shma mudofaa loyihalarida yaqin hamkorlikni qayta tiklaydi.

  • S-400 xarididan sanksiyalargacha bo‘lgan jarayon

    Turkiyaning Rossiyadan S-400 havo mudofaa tizimini sotib olishi Vashington bilan munosabatlarning keskinlashuviga sabab bo‘lgan edi. Oq uy ushbu tizimning F-35 beshinchi avlod qiruvchi samolyotlari bilan birga ishlatilishi samolyotlarning maxfiy texnologiyalari xavfsizligiga tahdid soladi deb hisoblagan.

    Natijada AQSh 2019-yilda Turkiyani F-35 dasturidan chiqardi va 2020-yil dekabr oyida CAATSA sanksiyalarini rasman kuchga kiritdi. Anqara esa S-400 sotib olish davlat mudofaasini mustahkamlash uchun suveren qaror ekanini ta'kidlab, sanksiyalarni milliy mustaqillikka aralashish deb baholadi.

  • Trampdan sanksiyalarni bekor qilish va’dasi

    AQSh Prezidenti Donald Tramp 2026-yilgi NATO sammiti arafasida Anqarada Erdog‘an bilan o‘tkaziladigan muzokaralar oldidan bayonot berib, sanksiyalarni 7-iyul holatiga ko‘ra olib tashlashga va’da bergan edi.

    "Biz sanksiyalarni olib tashlaymiz. Buni qilish vaqti keldi... Do‘stlarimizga sanksiya qo‘llashni xohlamaymiz. Hammasi juda oddiy", — degan edi Tramp.





Boxabar bo'ling!
Hakan Fidan Nyu - Yorkdagi yig‘ilishlarda ishtirok etdi
Erdo‘g‘an: BM Xavfsizlik kengashining veto huquqini bekor qilishi kerak
Turkiya razvedka boshqarmasi rahbari Liviya mudofaa vaziri o‘rinbosari bilan uchrashdi
BMT Bosh Assambleyasining 81 - sessiyasi Nyu - Yorkda o‘z ishini boshlaydi
Erdo‘g‘an Turk uyida fuqarolar bilan suhbatlashdi
Emine Erdo‘g‘anning Nyu-York diplomatiyasi
Chiqindisiz konsepsiyadagi bepul plyajlar qatoriga Go‘jek ham qo‘shildi
Erdo‘g‘an BMT Bosh Assambleyasida ishtirok etish uchun AQSHga boradi
Turkiya Isroil bilan bog'liq tarmoqqa katta zarba berdi: 175 kishi hibsga olindi
Turkiya Braziliya bilan mudofaa sanoati sohasida hamkorlik shartnomasini ratifikatsiya qildi
Antaliyada o‘tadigan 77-Xalqaro astronavtika kongressi taqdimotlar soni bo‘yicha rekord o‘rnatdi
Erdo‘g‘an: Istanbul aeroportining to‘rtinchi uchish-qo‘nish yo‘lagi global aloqani kuchaytiradi
Erdog‘an: «Turkiyani dunyodagi eng keng parvoz tarmog‘iga ega mamlakatlardan biriga aylantirdik»
Erdo'g'an BMT minbaridan jahon hamjamiyatiga murojaat qiladi
Turkiya Makkaga yaqin hududda bartaraf etilgan dron hujumini qoraladi
Turkiya Harbiy-havo kuchlari safiga mahalliy HURKUSh-II samolyoti qo'shilmoqda
"Akinji" droni "Sungur" raketasi bilan yuqori tezlikdagi nishonni yo‘q qildi
Fidan: Ho‘rmuz bo‘g‘ozida urushdan oldingi holat tiklanishi lozim
Somalida Turkiyani qo‘llab-quvvatlashga bag'ishlangan ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tdi
Ozarbayjon Prezidenti Aliyev Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan bilan uchrashdi