Tramp: Kelgusi hafta AQSh-Eron sulhi tuzilishi va Hurmuz bo‘g‘ozi qayta ochilishi kutilmoqda
AQSh Prezidenti Donald Tramp Eron bilan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirish va Hurmuz bo‘g‘ozini qayta ochish bo‘yicha "kelgusi hafta ichida" kelishuvga erishilishini ma’lum qildi.
"Vaziyat ijobiy tus olmoqda, hammasi ko‘ngildagidek ketyapti. Bugun kichik bir muammo yuzaga keldi, biroq men uni juda tez hal qildim, buni o‘zingiz ham payqagan bo‘lsangiz kerak", — dedi Tramp "ABC News" telekanaliga bergan telefon intervyusida.
AQSh rahbarining tushuntirishicha, ushbu "kichik muammo" Eron tomonining Isroil tomonidan Livanga berilayotgan zarbalardan norozi bo‘lgani bilan bog‘liq edi.
"Shu sababli men 'Hizbulloh' vakillari bilan gaplashib, ularga o‘t ochmaslikni aytdim. Keyin esa Bibi (Isroil Bosh vaziri Benyamini Netanyaxu) bilan ham bog‘lanib, ularga ham hujumlarni to‘xtatishni tushuntirdim. Natijada tomonlar o‘zaro o‘t ochishni to‘xtatishdi", — deya qo‘shimcha qildi u.
Tramp Eron bilan tinchlik bitimiga erishish "hatto harbiy g‘alabadan ham afzalroq" bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
"Bu oson ish emas. Zero, gap yirik va qudratli davlat haqida bormoqda, ular bilan kelishuv yo‘liga o‘tilyapti. Ochiqini aytganda, o‘rtada jiddiy qarama-qarshiliklar mavjud. Shu bois ular uchun ham, bizning nuqtai nazarimizdan ham bu oson kechayotgani yoq. Biroq biz o‘zimizga kerakli natijalarga erishyapmiz", — dedi AQSh prezidenti.
Otashkesimni uzaytirish bo‘yicha kelishuv hamda Hurmuz bo‘g‘ozini qayta ochishga doir anglashuv memorandumi qachon yakuniy to‘xtamga kelishi va tasdiqlanishi haqidagi savolga Tramp: "Menimcha, bu kelgusi hafta ichida sodir bo‘ladi", deb javob berdi. U hozircha kelishuv to‘liq yakunlanmaganini, chunki "yana bir nechta muhim nuqtalarni o‘zaro muvofiqlashtirib olish zarurligini" qayd etdi.
"Bayrutga hech qanday qo‘shin yuborilmaydi"
Dushanba kuni Livan rasmiylari bergan bayonotga ko‘ra, Tramp guruh vakillari bilan "juda samarali" telefon suhbati o‘tkazganidan so‘ng, "Hizbulloh" AQShning taklifini qabul qilgan. Unga ko‘ra, Isroil Bayrut janubiga hujumlarini to‘xtatishi evaziga "Hizbulloh" ham Isroil hududini nishonga olishdan tiyiladi.
Vashingtondagi Livan elchixonasi tomonidan Livan prezidenti ma’muriyatiga tayanib berilgan xabarda qayd etilishicha, ushbu kelishuv doirasida Isroilning Bayrut janubiy chekkasi hisoblangan "Dahiyya" mavzesiga qarshi zarbalari butunlay to‘xtatiladi. Isroil dushanba kuni Livan poytaxtining janubiy tumanlariga yana yirik zarbalar berish bilan tahdid qilayotgan edi.
Isroilning Livandagi keskinlikni kuchaytirishi, jumladan, og‘ir bombardimonlar va so‘nggi yigirma yildagi eng chuqur quruqlikdagi harbiy amaliyotlari Yaqin Sharqdagi keng ko‘lamli urush fonida AQSh va Eron o‘rtasida o‘rnatilgan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini xavf ostiga qo‘ygan edi. Tramp esa Isroil va "Hizbulloh"ni keskinlikni kamaytirishga ko‘ndira olganini da’vo qilmoqda.
"Bayrutga hech qanday harbiy kontingent yuborilmaydi, u yerga qarab yo‘lga chiqqan har qanday qo‘shinlar ortga qaytarildi", — deb yozdi Tramp o‘zining "Truth Social" ijtimoiy tarmog‘ida Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan o‘tgan "juda samarali" muzokaradan so‘ng.
"Shuningdek, biz yuqori martabali vakillarimiz orqali 'Hizbulloh' bilan ham juda yaxshi muloqot o‘tkazdik va ular o‘t ochishni butunlay to‘xtatishga rozi bo‘lishdi. Endi Isroil ham ularga hujum qilmaydi, ular ham Isroilga qarshi zarba bermaydi", — deya xulosa qildi AQSh rahbari.
















