Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakatida joylashgan Rossiya harbiy bazasi mamlakat xavfsizligi uchun hayotiy ahamiyatga ega emasligi va Armanistonga bunday baza kerak emasligini bildirdi.
Nikol Pashinyan o‘tkazgan matbuot anjumanida Armanistonning Gyumri shahrida joylashgan 102 - Rossiya harbiy bazasi haqida fikr bildirdi.
Baza masalasini Armaniston emas, Rossiya muhokamaga qo‘yganini ta’kidlagan Pashinyan: «Harbiy baza Armaniston xavfsizligi uchun hayotiy ahamiyatga ega emas» - dedi.
Pashinyan Rossiya harbiy bazasining mavjudligi Armaniston xavfsizligiga hech qanday hissa qo‘shmayotganiga e’tibor qaratib, mavzu haqida shunday dedi:
«Rossiya bizning do‘st davlatimiz. Bizga Rossiya harbiy bazasi kerak emas. Agar ular chiqib ketishni istasa, marhamat, hatto ertagayoq chiqib ketishlari mumkin. Ammo qolishni istashsa, Armaniston uchun keraksiz bo‘lgan ushbu bazaning qolish shartlarini muhokama qilishga tayyormiz».
Armanistonning Gyumri shahrida joylashgan 102 - Rossiya harbiy bazasi Rossiyaning Janubiy Kavkazdagi asosiy harbiy obyektlaridan biri sifatida tanilgan.
Baza 1995 - yilda imzolangan kelishuv asosida faoliyat yuritadi. Bazada quruqlikdagi qo‘shinlar bo‘linmalaridan tashqari, havo mudofaasi qismlari va harbiy samolyotlar ham mavjud.
Rossiya Davlat rahbari Vladimir Putin o‘tgan haftalarda baza haqida: «Agar Armaniston bu infratuzilmaga ehtiyoji yo‘q degan qarorga kelsa, biz hatto ertagayoq chiqib ketishimiz mumkin», - degan edi.

















