Ozarbayjon Tashqi Ishlar vaziri Jayxun Bayramov Ozarbayjon bilan Turkiya o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik munosabatlari bugun ham har doimgidek mustahkam ekani va bundan keyin yanada mustahkam tus olishini ta’kidlab, «Janob Rejep Tayyip Erdo‘g‘anning 8 - noyabr kuni Ozarbayjonda G‘alaba kuni tadbirlarida ishtirok etib, Prezident Ilxom Aliyev bilan birgalikda ikki mamlakat va butun dunyoga namoyon etgan pozitsiyalari buning eng yaqqol dalilidir», - dedi.
Bayramov rasmiy tashrif bilan Ozarbayjonga kelgan Germaniya Tashqi Ishlar vaziri Johann Wadephul bilan uyushtirgan mushtarak matbuot anjumanida mamlakatining Turkiya bilan bo‘lgan munosabatlariga baho berdi.
Jurnalistning savoliga javob bergan Bayramov: «Ozarbayjon - Turkiya munosabatlari so‘zning haqiqiy ma’nosida ikki do‘st va qardosh xalq o‘rtasidagi munosabatlar ekanini tasdiqlay olaman. Ikki davlat eng yuqori darajadagi va o‘ziga xos yaqinlik munosabatlariga ega», — deya ta’kidladi.
Bayramov Turkiya bilan Ozarbayjon Shusha deklaratsiyasi orqali o‘zaro munosabatlarni ittifoqchilik darajasiga ko‘targanini yodga solib, quyidagilarni qayd etdi:
«Shu bilan birga, har bir davlatda o‘ziga xos jarayonlar kechmoqda. Har bir jamiyatning o‘zi belgilagan taraqqiyot yo‘li bor. Hatto bunday yaqin va qardoshlik munosabatlari mavjud bo‘lgan sharoitda ham bir jamiyatda boshqa mamlakatda kechayotgan jarayonlarga nisbatan turlicha fikrlar bildirilishi mumkin».
Ozarbayjonning bu boradagi yondashuvi va pozitsiyasi juda aniq ekanini ta’kidlagan Bayramov so‘zlarini quyidagicha davom ettirdi:
«Ozarbayjonning o‘z taraqqiyot modeli bor va mamlakat shu model asosida rivojlanmoqda. Ozarbayjon bilan Turkiya o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik munosabatlari bugun ham har doimgidek mustahkam va bundan keyin yanada mustahkam tus oladi. Janob Rejep Tayyip Erdo‘g‘anning 8 - noyabr kuni Ozarbayjonda G‘alaba kuni tadbirlarida ishtirok etib, Prezident Ilxom Aliyev bilan birgalikda ikki mamlakat va butun dunyoga namoyon etgan pozitsiyalari buning eng yaqqol dalilidir».






















