SPORT
2 daqiqa o'qish
Messi Argentina terma jamoasi safida so'nggi o'yinini o'tkazadi
Argentina futbol federatsiyasi prezidenti Beninga qarshi o'yin Messi uchun munosib xayrlashuv bo'lishini aytdi.
Messi Argentina terma jamoasi safida so'nggi o'yinini o'tkazadi
Messi terma jamoasi safida 200 dan ortiq o‘yinda 125 ta gol urgan bo‘lib, uning so‘nggi goli 2026-yilgi FIFA Jahon chempionatida Misrga qarshi uchrashuvda kiritilgan. / Reuters Archive

Lionel Messi Argentina milliy jamoasidagi so‘nggi o‘yinini 6-oktabr kuni Buenos-Ayresda Beninga qarshi o‘tkazadi.

Argentina futbol assotsiatsiyasi prezidenti Klaudio Tapiyaning ma'lum qilishicha, ushbu uchrashuv afsonaviy futbolchining milliy jamoadagi xayrlashuv o‘yini bo‘ladi. Eslatib o‘tamiz, Messi 31-avgust kuni xalqaro musobaqalardagi faoliyatini yakunlashini va terma jamoaga beradigan barcha narsasini berib bo‘lganini e'lon qilgandi.

Klaudio Tapia o‘zining video bayonotida bu uchrashuvni "Messiga o‘z vatanida chinakam munosib bo‘lgan xayrlashuv" deb ta'rifladi. Shuningdek, u 2022-yilgi Jahon chempionatida g‘olib chiqqan terma jamoaning barcha a'zolari ushbu o‘yinga taklif etilganini bildirdi.

FIFA reytingida 93-pog‘onani egallab turgan Benin milliy jamoasiga qarshi bahs Argentina tomonidan rejalashtirilgan uchta o‘rtoqlik o‘yinining so‘nggisi hisoblanadi. Bungacha argentinaliklar o‘z uyida 30-sentyabr kuni Boliviya va 3-oktabr kuni Burkina-Fasoga qarshi maydonga tushishadi.

FIFA sanksiyalari va fondagi vaziyat

Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) 2026-yilgi Jahon chempionatidan so‘ng Argentinaga nisbatan bir qator jarima va cheklovlar joriy qilgandi. Bunga asosan finalda Ispaniyaga 1:0 hisobida mag‘lub bo‘lgandan keyingi tartibsizliklar, shuningdek, yarim finalda Angliya ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin futbolchilarning Britaniya nazoratidagi Falkland orollariga Argentina suverenitetini da'vo qiluvchi plakat ko‘tarib chiqqani sabab bo‘lgan.

FIFA tomonidan qo‘llanilgan jazoga ko‘ra, Argentina keyingi ikkita uy o‘yinini stadion sig‘imining faqat 50 foiz qismi bilan o‘tkazishi lozim edi. Ushbu jazoning bir qismi to‘xtatib turilgan bo‘lsa-da, Argentina belgilangan uchta o‘rtoqlik o‘yini orqali mazkur sanksiyani Messining xayrlashuv uchrashuvigacha o‘tab bo‘lishi kerak.

Lekin faoliyati davom etadi

Ayni paytda 39 yoshli Lionel Messi “Inter Mayami” safida muvaffaqiyatli to‘p surishda davom etmoqda. U joriy mavsumda 22 ta o‘yinda 19 ta gol urib, 13 ta golli uzatmaga mualliflik qildi va MLSning yilning eng qimmatli o‘yinchisi (MVP) nominatsiyasiga ketma-ket uchinchi yil da’vogarlik qilmoqda. Avgust oyida otasining vafotidan so‘ng futbolchi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida faoliyatini yana uzoq davom ettira olishiga shubha qilayotganini yozgandi.

Ma'lumot uchun, Messi Argentina milliy jamoasi safida 200 dan ortiq o‘yinda maydonga tushib, 125 ta golga mualliflik qildi. Uning terma jamoadagi so‘nggi goli 2026-yilgi Jahon chempionatining 1/8 finalida Misr darvozasiga kiritilgandi.