SPORT
2 daqiqa o'qish
Nayrobi jahon chempionatiga mezbonlik qiluvchi ilk Afrika shahri bo‘ldi
Keniya 2029-yilda sportdagi eng yirik global tadbir bo'lgan yengil atletika bo'yicha Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi.
Nayrobi jahon chempionatiga mezbonlik qiluvchi ilk Afrika shahri bo‘ldi
[ARXIV] Sportchilar 2026-yil 24-aprel kuni Nayrobidagi Kip Keino Classic Continental Tour Gold musobaqasida erkaklar o‘rtasida 200 metrga yugurish bahsida bellashmoqda. (AFP)

World Athletics seshanba kuni e’lon qilishicha, Nayrobi 2029-yilgi jahon yengil atletika chempionatiga mezbonlik qiladi. Shu tariqa, Keniya poytaxti yengil atletika bo‘yicha ochiq stadionlardagi global musobaqani o‘tkazadigan ilk Afrika shahri sifatida tarixga kiradi.

Keniya poytaxti 2029-yilgi chempionat uchun London, Myunxen va Rim shaharlaridan kelgan arizalarni ortda qoldirdi. Myunxen esa Budapeshtda o‘tkazilgan World Athletics kengashi yig‘ilishi yakunida 2031-yilgi musobaqaga mezbonlik qilish uchun tanlandi.

World Athletics prezidenti Sebastyan Kou matbuot anjumanida shunday dedi: “Biz 2029 va 2031-yillar uchun to‘rta ajoyib ariza kelib tushganidan mamnun edik, Kengash uchun bu oson qaror bo‘lmadi”.

Eslatib o‘tamiz, 2027-yilgi chempionat mezbonligi allaqachon Pekinga berilgan.

Afrika uchun tarixiy qadam

Sebastyan Kou Nayrobining tanlanishini Afrika yengil atletikasi uchun tarixiy lahza deb atab, shaharning taqdimotini yuqori baholadi.

“Chempionatimizni ilk bor Afrikaga olib kelishimiz tarixiy voqea bo‘ladi”, — dedi Kou va Nayrobi Keniya hamda butun qit’ada yengil atletika rivojini yanada tezlashtirishga tayyor ekanini ko‘rsatganini qo‘shimcha qildi.

Demak, nufuzli musobaqaning keyingi uchta mavsumi ketma-ket uchta qit’ada o‘tkaziladi: 2027-yilda — Pekin (Osiyo), 2029-yilda — Nayrobi (Afrika) va 2031-yilda — Myunxen (Yevropa).

Boy sport merosi

Keniya avvalroq 2025-yilgi chempionatga mezbonlik qilish uchun da’vogarlik qilgan, biroq bu urinishi muvaffaqiyatsiz chiqqan edi. Shunga qaramay, mamlakat yirik xalqaro yengil atletika musobaqalarini o‘tkazishda katta tajribaga ega.

Jumladan, Mombasa 2007-yilda kross bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qilgan bo‘lsa, Nayrobi 2017-yilda 18 yoshgacha va 2021-yilda 20 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi jahon chempionatlarini qabul qilgan. Shuningdek, poytaxt 2010-yilda Afrika yengil atletika chempionatuni ham tashkil etgan.

Kouning ta’kidlashicha, Nayrobi oldingi xatolaridan saboq chiqarib, bu gal ancha kuchli va puxta tayyorlangan ariza bilan qaytgan.

Hozirgi vaqtda shahardagi “Kasarani” stadioni 2027-yilgi Afrika Millatlar kubogi oldidan tubdan ta’mirlanmoqda. Bu esa kelgusidagi yirik chempionat uchun infratuzilmani yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Sebastyan Kou Nayrobi uchun “aynan shu vaqt kelgani”ni va bu Keniya hamda butun Afrika sporti uchun mustahkam poydevor yaratish imkoniyatini berishini alohida ta’kidladi.