Isroilning G‘azo sektoriga qarshi amalga oshirayotgan genotsid boshlanganiga 1000 kun to‘lgan bir paytda, mintaqadagi 15 ta hayotiy muhim soha bo‘yicha to‘g‘ridan - to‘g‘ri moddiy ziyon jami 80 milliard AQSh dollariga yetgani ma’lum qilindi.
G‘azodagi Hukumat matbuot xizmati tarqatgan yozma bayonotga ko‘ra, genotsid va o‘t ochishni to‘xtatish jarayonlarida ham davom etayotgan hujumlar oqibatida infratuzilma, iqtisodiyot, sog‘liqni saqlash va ta’lim kabi asosiy sohalarda yuzaga kelgan vayronagarchilik ko‘lami ochib berilgan.
Bayonotda ta’kidlanishicha, Isroil hujumlari natijasida o‘tgan 1000 kun davomida 15 ta hayotiy muhim sohada yetkazilgan to‘g‘ridan - to‘g‘ri moddiy ziyon 80 milliard AQSh dollarini tashkil etgan.
Eng katta ziyon uy - joy sektoriga yetkazilgani, mazkur sohadagi moddiy yo‘qotishlar qariyb 34 milliard AQSh dollariga baholangani qayd etilgan. Shuningdek sog‘liqni saqlash, xizmat ko‘rsatish hamda kommunal xizmatlar sohalarining har biri taxminan 6 milliard AQSh dollari miqdorida ziyon ko‘rgani bildirilgan.
Bayonotda savdo faoliyati hamda uy jihozlari va ularning tarkibiy buyumlari bo‘yicha yo‘qotishlar qariyb 5 milliard AQSh dollarini tashkil etgani; sanoat, qishloq xo‘jaligi va ta’lim sohalaridagi ziyon esa har biri qariyb 4 milliard AQSh dollariga yetgani ma’lum qilingan.
Shuningdek, mintaqaning boshqa strategik tarmoqlari ham katta talafot ko‘rgani qayd etilib, aloqa va internet infratuzilmasi hamda transport va tashish sohalarining har birida qariyb 3 milliard AQSh dollari miqdorida ziyon yetgani bildirilgan.
Elektr energetikasi, ko‘ngilochar va mehmonxona sohalarida har biri qariyb 2 milliard AQSh dollari miqdorida ziyon qayd etilgan. Diniy soha hamda ommaviy axborot vositalari sektorida esa to‘g‘ridan - to‘g‘ri moddiy yo‘qotishlar har biri taxminan 1 milliard AQSh dollarini tashkil etgani ma’lum qilingan.


















