Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an dunyo ko‘z o‘ngida G‘azoda har kuni qirg‘inlar, suiqasdlar, ochlikka mahkum etish va turli zulmlar davom etayotganini ta’kidlab, Isroilni G‘azoni “dunyodagi eng katta konslager”ga aylantirishda aybladi.
Prezident Erdo‘g‘an chorshanba kuni Anqarada o‘z partiyasining Turkiya Buyuk Millat Majlisidagi (TBMM) guruh yig‘ilishida so‘zlagan nutqida Isroilning G‘azoga qarshi hujumlari va gumanitar yordam yetkazilishiga qo‘yilgan cheklovlarni tanqid qildi.
Erdo‘g‘an: “Isroil hukumati dunyodagi eng katta konslagerga aylantirgan G‘azoda butun dunyo ko‘z o‘ngida deyarli har kuni qirg‘inlar, suiqasdlar, kamsitish, yakkalash, ochlikka mahkum etish va boshqa ko‘plab zulmlar davom etmoqda”, - dedi.
Qish mavsumining yaqinlashishi bilan G‘azoda katta gumanitar falokat yuz berishi mumkinligidan ogohlantirgan Erdo‘g‘an, Isroilning insoniylikka zid cheklovlari mintaqadagi inqirozni yanada og‘irlashtirayotganiga e’tibor qaratdi.
Falastinlik bolalar boshdan kechirayotgan azob - uqubatlarga ham to‘xtalgan Erdo‘g‘an, oilalar sovuqdan himoyalanish uchun yetarli boshpanaga ega bo‘lmagan holda suv toshqinlari va loy ichida hayot uchun kurashayotganini bildirdi.
“Musulmonlar sifatida Isroilga yanada kuchli bosim o‘tkazilishini ta’minlashimiz kerak”.
Prezident Erdo‘g‘an o‘zini uzoq yillardan buyon demokratiya va inson huquqlari himoyachisi sifatida tanitib kelayotgan mamlakatlarni ham tanqid qilib, ularning ikkiyuzlamachiligi endi yaqqol namoyon bo‘lganini aytdi.
Islom dunyosini ko‘proq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga chaqirgan Erdo‘g‘an, musulmon davlatlar G‘azodagi voqealarga nisbatan o‘z munosabatlarini qayta ko‘rib chiqishi kerakligini ta’kidladi.
Erdo‘g‘an: “Boshqalardan najot kutish o‘rniga, musulmonlar sifatida biz o‘zimiz harakatga o‘tishimiz va Isroilga yanada kuchli bosim o‘tkazilishini ta’minlashimiz kerak”, - dedi.
Qish sharoiti yanada og‘irlashishidan oldin G‘azoga gumanitar yordam yetkazish uchun Islom davlatlari sa’y - harakatlarini kuchaytirishi lozimligini bildirgan Erdo‘g‘an, Turkiya ham yordam ishlarini davom ettirayotganini qayd etdi.
“G‘azodagi birodarlarimizga konteynerlar yuborishga tayyormiz. Gumanitar yordam masalasida ham zarur qadamlarni tashlamoqdamiz”, - degan Erdo‘g‘an, so‘zlarini quyidagicha davom ettirdi:
“Boshqalar ko‘zlarini yumib, quloqlarini berkitgan taqdirda ham, biz G‘azodagi zulm qarshisida sukut saqlamaymiz”.
Turkiya zarur bo‘lsa, yolg‘iz qolgan taqdirda ham insonparvarlik mas’uliyatini bajarishda davom etishini ta’kidladi.






















