Kreml tomonidan shanba kuni (16.05.2026) berilgan bayonotiga ko‘ra Vladimir Putin AQSh Prezidenti Donald Trampning Pekinga uyushtirgan tashrifi ortidan ko‘p ot‘may, boshqacha qilib aytganda 19 - may kuni ikki kunlik rasmiy tashrif bilan Xitoyga boradi.
Kreml bayonotiga ko‘ra, safar davomida Rossiya rahbari xitoylik hamkasbi Si Szinpin bilan Moskva va Pekin o‘rtasidagi har tomonlama sheriklik va strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash masalasini muhokama qiladi.
Bayonotda Putin bilan Si Szinpin, muhim xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashishi hamda muzokaralar yakunida qo‘shma bayonot imzolashi qayd etildi.
Tashrif doirasida Putinning, shuningdek, Xitoy Bosh vaziri Li Qiang bilan iqtisodiy va savdo hamkorligini muhokama qilishi rejalashtirilgan.
Putinning tashrifi haqidagi e’lon Trampning juma kuni (15.05.2026) qariyb o‘n yildan keyin Xitoyga tashrif uyushtirgan ilk AQSh prezidenti sifatidagi safarini yakunlashi ortidan qayd etildi. Tramp tantanali kutib olingan bo‘lishiga qaramay, bu ikki davlat o‘rtasidagi Ukraina – Rossiya urushi hamda boshqa savdo va geosiyosiy kelishmovchiliklar kabi hal qilinmagan muammolarni yashira olmadi.
Tramp bilan Si Szinpin, to‘rt yildan ortiq davom etayotgan urush hamda AQSh rahbarining Eron bilan bog‘liq inqirozini muhokama qildilar. Respublikachi prezident juma kuni (15.05.2026) Xitoyni tark etar ekan, har ikki masalada ham sezilarli burilish yasalgani haqidagi taassurotni bera olmadi.
AQSh o‘rtamchiligida Ukrainadagi urushni to‘xtatishni ko‘zlagan muzokaralar 28 - fevralda boshlangan va AQSh - Isroil va Eron o‘rtasidagi urushdan buyon zaiflashdi.
Tramp Xitoyga tashrif uyushtirishidan oldin Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy, AQSh rahbaridan, Si Szinpin bilan bo‘lgan uchrashuvida mojaroni qanday yakunlash masalasini kun tartibiga olib chiqishini iltimos qilgan edi.
Moskva esa Kiyev o‘zining maksimal talablaridan voz kechmaguncha, sulh yoki keng ko‘lamli muzokaralarni rad etmoqda.
«Qoniqish»
Xitoy mojarolarni to‘xtatish uchun muntazam ravishda muzokaralarga chaqirib kelayotgan bo‘lsa - da, 2022 - yilning fevral oyida Rossiyaning Ukrainaga qo‘shin kiritganini hech qachon qoralamadi va o‘zini betaraf tomon sifatida ko‘rsatmoqda.
Pekin, shuningdek, Moskvaga mudofaa sanoati uchun qurol va harbiy jihozlar yetkazib berayotgani haqidagi ayblovlarni rad etib, G‘arb davlatlarini, Ukrainani qurollantirish orqali Ikkinchi jahon urushidan buyon Yevropadagi eng qonli mojaro muddatini uzaytirishda ayblamoqda.
G‘arb davlatlari urush sabab Rossiya nefti va gaziga sanksiyalar joriy etgach, Xitoy, Moskvaning asosiy iqtisodiy hamkoriga aylandi. Aytmasak ham Xitoy, Rossiyaning qazilma yoqilg‘ilarining dunyodagi eng yirik xaridori sifatida tanilmoqda.
Tramp juma kuni (15.05.2026) Xitoydan ketar ekan, Pekin bilan «fantastik» savdo bitimlari tuzilgani, jumladan 200 ta Boeing samolyotini xarid qilish hamda AQSh nefti va soya mahsulotlarini sotib olish bo‘yicha majburiyatlar borligini iddao qildi.
Biroq bu masala bo‘yicha yetarlicha tafsilotlar keltirilmagan va Xitoy ham hech qanday savdo bitimi yuzasidan rasmiy bayonot bermagan.
Tramp Si Szinpinni «buyuk lider» va «do‘st» deb ta’riflagan bo‘lsa; Pekin sammitga nisbatan ancha ehtiyotkor munosabat bildirdi.
Rossiya Tashqi Ishlar vaziri Sergey Lavrov juma kuni (15.05.2026) Xitoy – AQSh sammitini olqishlar ekan, Moskvaning Pekin bilan yanada iliq munosabatlarga ega ekanini ta’kidladi. U, mavzu haqida shuningdek: «Agar Pekin bilan Vashington erishgan yoki erishajak kelishuvlar xitoylik do‘stlarimiz manfaatlariga mos bo‘lsa, unda, bundan faqat mamnun bo‘lamiz», - dedi.
Biroq Lavrov Rossiyaning «an’anaviy siyosiy va harbiy ittifoqlardan ham chuqurroq va kuchliroq aloqalar bilan Xitoyga bog‘langanini» ta’kidladi.











