G'AZODA URUSH
2 daqiqa o'qish
Gumanitar yordamni to‘sish holatlari 10 yilda 16 barobar oshdi
Mojaro hududlarida bolalarga insonparvarlik yordami yetkazib berilishiga to‘sqinlik qilish holatlari so‘nggi 10 yil ichida 16 barobar oshgan. Bunday holatlarning aksariyati Isroil genotsid sodir etayotgan Falastinda qayd etilgan.
Gumanitar yordamni to‘sish holatlari 10 yilda 16 barobar oshdi
-

Gumanitar yordamdan qurol sifatida foydalanish tobora kengayib bormoqda. Yangi tahlilga ko‘ra mojarolar davom etayotgan hududlarda bolalarga yetkazilishi kerak bo‘lgan insonparvarlik yordamini ataylab to‘sib qo‘yish holatlari so‘nggi 10 yil ichida 16 barobar oshgan.

BMT tomonidan tasdiqlangan hodisalar tahlili hayotiy muhim yordam yetkazilishiga to‘sqinlik qilish zamonaviy urushlarda keng tarqalgan usulga aylanib borayotgani haqidagi xavotirlarni tasdiqladi.

«Save the Children» tashkiloti tahliliga ko‘ra bolalarning insonparvarlik yordamidan foydalanishiga to‘sqinlik qilingan tasdiqlangan holatlar soni 2015 - yildagi 509 tadan o‘tgan yili 8 ming 322 taga yetgan.

Hozirda BMT tomonidan mojarolar sharoitida bolalarga nisbatan qayd etilgan barcha huquqbuzarliklarning beshdan biridan ko‘prog‘ini insonparvarlik yordamidan foydalanishga to‘sqinlik qilish holatlari tashkil etmoqda. Bundan 10 yil avval bu ko‘rsatkich atigi 2 foizni tashkil etgan.

Eng ko‘p qonunbuzarlik Falastinda qayd etilgan

O‘tgan yili bolalarning insonparvarlik yordamidan foydalanishiga to‘sqinlik qilingan holatlarning qariyb 6 mingi bosib olingan Falastin hududlarida qayd etilgan. Liviyada 1 mingdan ortiq, Ukrainada esa 473 ta tasdiqlangan holat aniqlangan.

G‘azoda qayd etilgan holatlarning qariyb 90 foizi uchun Isroil rasmiylari javobgar deb topilgan.

«Save the Children» tashkilotining Buyuk Britaniyadagi insonparvarlik yordamini himoya qilish bo‘limi rahbari Orlaith Minogue bolalar mojarolar va iqlim falokatlaridan eng ko‘p aziyat chekayotganini ta’kidladi.

Uning aytishicha, xalqaro hamkorlikning izdan chiqishi bilan birga insonparvarlik yordamini to‘sib qo‘yish holatlari misli ko‘rilmagan darajada ortgan.

589 million bola mojaro hududlarida yashamoqda

Dunyo bo‘ylab 589 million bola, ya’ni har to‘rt boladan qariyb biri mojaro hududlarida istiqomat qilmoqda. Bu ko‘rsatkich 1990 - yilda ilk bor ma’lumotlar to‘plana boshlaganidan buyon qayd etilgan eng yuqori darajaga yetgan.

G‘azoda 2024 - yilning aprelidan o‘tgan yilning dekabr oyigacha hayotiy muhim insonparvarlik yordami vositalarini hududga olib kirish bo‘yicha berilgan arizalarning atigi 55 foizi ma’qullangan.

Gumanitar yordamni to‘sish urush taktikasiga aylanmoqda

Bolalar uchun dori - darmonlarni ham o‘z ichiga olgan ko‘plab zarur mahsulotlar Isroil ishg‘olchi ma’muriyati tomonidan «ikki maqsadda foydalanilishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar» degan vaj bilan kechiktirilmoqda yoki hududga kiritilmayapti.

Minogue Buyuk Britaniya hukumatini mojarolar hududlarida qolib ketgan bolalarning insonparvarlik yordamidan foydalanishini ta’minlash uchun o‘z ta’sir kuchidan foydalanishga chaqirdi.