Jevdet Yilmaz: Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida samarali ish va investitsiya muhitini yaratishimiz zarur
Turkiya vitse-prezidenti Jevdet Yilmaz O‘zbekiston–Turkiya Ishbilarmon doiralarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Oliy darajadagi kengash yig‘ilishida ishtirok etdi. Tadbirda so‘zga chiqqan Yilmaz o‘zaro savdo va sarmoyaviy aloqalarga alohida urg‘u berdi.
Turkiya vitse-prezidenti Jevdet Yilmaz O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva bilan birgalikda Toshkent xalqaro kongress markazida ilk bor o‘tkazilgan O‘zbekiston–Turkiya Ishbilarmon doiralarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Oliy darajadagi kengash yig‘ilishida qatnashdi.
Tadbirda Turkiya Sanoat va texnologiyalar vaziri Mehmet Fotih Kajir, Transport va infratuzilma vaziri Abdulkadir O‘ralo‘g‘li, Turkiya Palatalar va birjalar ittifoqi (TOBB) raisi Rifat Hisarjiklio‘g‘li hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi (DEİK) boshqaruvi raisi o‘rinbosari Erdal Eren ham ishtirok etdi.
Yig‘ilishda nutq so‘zlagan Yilmaz geosiyosiy keskinliklar, mintaqaviy mojarolar, energiya ta’minoti xavfsizligi bilan bog‘liq xavotirlar hamda texnologik o‘zgarishlar fonida jahon siyosati va iqtisodiyoti yangilanish davrini boshdan kechirayotganini, bu esa davlatlarning iqtisodiy va strategik ustuvor yo‘nalishlarini qayta shakllantirayotganini ta’kidladi.
O‘zgaruvchan dunyo tartibida mamlakatlar duch kelayotgan murakkab sinovlarga hech bir davlat yolg‘iz o‘zi javob bera olmasligini qayd etgan Yilmaz shunday dedi:
“Bunday davrda Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi yuksak darajadagi munosabatlar tarixiy va madaniy rishtalarimizdan ham kengroq, alohida ma’no kasb etadi. Aloqalarimiz erishgan ushbu bosqich xalqlarimizning farovon kelajagi yo‘lida zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi. Biz o‘rtamizdagi bu mustahkam bog‘liqlikni samarali iqtisodiy sheriklik, qo‘shma investitsiyalar va strategik hamkorlikka aylantirishni istaymiz. Shu maqsadda Kengashimiz o‘tgan oyda Anqarada hurmatli Prezident Shavkat Mirziyoyev va hurmatli Prezidentimiz o‘rtasida imzolangan kelishuv asosida tashkil etildi.
Kengashimiz mavjud hamkorlik mexanizmlarini to‘ldirgan holda, hurmatli Prezidentlarimiz tomonidan belgilangan qisqa muddatda 5 milliard dollar, o‘rta muddatda esa 10 milliard dollarlik o‘zaro savdo hajmi maqsadiga erishishimizga katta turtki berishiga ishonaman. Ota yurtimizda faoliyat yuritayotgan 2400 ga yaqin turk kapitali ishtirokidagi kompaniyalarimiz hamda shu kungacha umumiy qiymati 9,5 milliard dollarlik 350 ga yaqin loyihani amalga oshirgan qurilish-pudrat korxonalarimiz iqtisodiy sherikligimizning mustahkam poydevorini tashkil etadi”.
“Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida samarali ish va investitsiya muhitini ta’minlash niyatidamiz”
Yilmaz Kengash yangi sarmoya va loyihalarga yo‘l ochib, ushbu kompaniyalar safiga tez sur’atlarda yangilari qo‘shilishiga hamda xalqlarning umumiy farovonligi yuksalishiga xizmat qilishiga umid bildirdi.
Sanoat, qurilish, to‘qimachilik, energetika, texnologiya, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va xizmat ko‘rsatish tarmoqlari boshchiligida turk investorlarining O‘zbekiston iqtisodiyotiga har tomonlama hissa qo‘shishini rag‘batlantirayotganliklarini aytgan Yilmaz quyidagilarni ta’kidladi:
“Kelgusi davrda infratuzilmadan tortib transport-kommunikatsiya tarmoqlarigacha, uy-joy qurilishidan sog‘liqni saqlashgacha va boshqa ko‘plab sohalarda O‘zbekistonning yirik taraqqiyot loyihalarida kompaniyalarimiz yanada ko‘proq vazifa va mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishini tilaymiz. Uchinchi davlatlar orqali kiritilgan sarmoyalar bilan birga bugun 8,2 milliard dollarga yetgan turk investitsiyalari o‘zaro manfaatdorlik asosida eng qisqa vaqt ichida ikki xonali raqamlarga chiqishini kutmoqdaman. O‘zbekistonlik ishbilarmonlarni ham mamlakatimizga ko‘proq sarmoya kiritishga taklif qilaman. Bugun Turkiyada faoliyat yuritayotgan 500 dan ortiq o‘zbek kapitali ishtirokidagi kompaniyalar soni tez orada yanada ortishiga ishonaman”.
Yilmaz ilk yig‘ilishini o‘tkazgan Kengash doirasida turk va o‘zbek korxonalari hamda investorlari o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlanishi, xususiy sektor vakillari taraqqiyotga yo‘naltirilgan innovatsion loyihalar bilan birlashtirilishini qayd etib, so‘zida davom etdi:
“Keng qamrovli yondashuv asosida yanada ko‘proq tadbirkorlarimizga ikki qardosh davlat eshiklarini ochar ekanmiz, mamlakatlarimizning rivojlanish ustuvorliklariga mos keladigan yuqori sifatli qo‘shma loyihalarni aniqlash va yakuniga yetkazishda ko‘maklashamiz. Hozirgina hurmatli Prezidentimiz asosiy ustuvor yo‘nalishlarni barchamizga batafsil taqdim etdilar. Bu biz uchun ham aniq yo‘l xaritasidir. Ushbu yo‘l xaritasi tafsilotlari ustida hamkasblarimiz bilan birgalikda ishlab, uni albatta hayotga tatbiq etish uchun bor kuch-g‘ayratimizni safarbar etamiz. Muntazam muloqotlar orqali ishbilarmonlar, xususiy sektor vakillari va tadbirkorlar duch kelayotgan muammolarni tezkorlik bilan aniqlab, ularga yechim taklif qilish orqali Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida samarali ish va investitsiya muhitini ta’minlash niyatidamiz. Davlat idoralarimiz o‘rtasidagi mustahkam siyosiy va diplomatik munosabatlarning barqaror iqtisodiy natijalarga aylanishida siz, qadrli tadbirkorlarimizning samimiy sa’y-harakatlari va bizga beradigan yo‘l-yo‘riqlaringiz hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.
Ushbu o‘zaro hamkorlikni mushtarak kelajagimizni barpo etishdagi eng katta kuch manbalarimizdan biri deb bilamiz. Maqsadimiz — savdo hajmini oshirish orqali xalqlarimiz farovonligini yuksaltirish va ikki qardosh mamlakatning umumiy kelajagini kuchli iqtisodiy sheriklik asosida qurishdir. Asrlar davomida ilm-fan, ma’rifat va sivilizatsiyaning yetakchi markazlaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston bugun ham yosh va jo‘shqin aholisi, boy energetika hamda muhim foydali qazilma resurslari, strategik transport yo‘laklari va tinchlik, barqarorlik hamda farovonlikni ustuvor qo‘yuvchi siyosati tufayli insoniyatning umumiy kelajagiga munosib hissa qo‘shmoqda”.
“Ipak yo‘li bizga bergan saboqlardan ilhom olishda davom etishimiz kerak”
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida jasorat va qat’iyat bilan amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli mamlakatning iqtisodiyot va xalqaro siyosatdagi nufuzi kundan-kunga ortib borayotganini mamnuniyat bilan kuzatayotganini bildirgan Yilmaz shunday dedi:
“Turkiya sifatida O‘zbekiston bilan munosabatlarimizni har bir sohada chuqurlashtirishga, ishbilarmon doiralarimiz o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishga va o‘zaro investitsiya imkoniyatlarini rivojlantirishga doimo tayyormiz. Zero, yaxshi bilamizki, ko‘ngil birligimizning eng bebaho merosi birgalikda yaratgan va kelajak avlodlarga qoldiradigan bunyodkorlik ishlarimiz bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan, yo‘lga qo‘ygan insoniy, savdo va iqtisodiy rishtalarimizni avloddan-avlodga o‘tkazish hamda yanada mustahkamlash uchun qadimiy Ipak yo‘li bizga bergan saboqlardan ilhom olishda davom etishimiz zarur”.
Yilmaz transport-kommunikatsiya yo‘laklarini shunchaki tranzit o‘tish yo‘nalishi emas, balki ishlab chiqarish, savdo, investitsiya va bandlik rivojlanadigan yaxlit ekotizimlarga aylantirish lozimligini ta’kidlab, quyidagilarni qo‘shimcha qildi:
“Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik har jihatdan qayta shakllanayotgan bir davrda Kaspiy orqali o‘tuvchi O‘rta yo‘lak yangi dunyoning og‘irlik markaziga aylanib bormoqda. Bu o‘zgarishlar Turkiya sifatida ushbu tashabbusga o‘n yillar davomida bildirgan ishonchimiz va ilgari surgan qarashlarimiz naqadar to‘g‘ri ekanini tasdiqlamoqda. Dunyo boshdan kechirayotgan bu ulkan o‘zgarishlar mamlakatlarimiz oldiga ko‘plab sinovlar bilan bir qatorda muhim imkoniyatlarni ham qo‘ymoqda. Biz kuchli tarixiy merosga, teran insoniy rishtalarga va umumiy mehnat madaniyatiga ega xalqlarmiz.
Imom Buxoriyning ilm va hikmat merosi, Imom Moturidiyning doimo aqlni markazga qo‘yuvchi ta’limoti, Alisher Navoiyning tilimiz va madaniyatimizga qo‘shgan boyligi, Mirzo Ulug‘bekning ilm-fanga ochgan ufqlari bugun ham yo‘limizni yoritib turgan umumiy qadriyatlarimizdir. Bugun zimmamizdagi vazifa — o‘tmishning mushtarak merosini kelajakning umumiy farovonligiga aylantirishdir”.
So‘zini “Do‘sting bilan ko‘ngildosh bo‘l, qilgan ishida birlik bo‘l” degan o‘zbek maqoli bilan yakunlagan Yilmaz: “Ushbu ezgu niyatlar bilan bugun bizni bu yerga jamlagan tadbir yangi do‘stliklar, mustahkam sheriklik va xayrli hamkorliklarga sabab bo‘lishini tilayman”, — deya istak bildirdi.
Turkiya vitse-prezidenti nutqining yakunida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ilk kengash yig‘ilishiga tashrif buyurgani uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaga ham tashakkur izhor etdi.























