Xavfsizlik manbalariga ko‘ra, MİT hamda Turkiya Ichki ishlar bosh boshqarmasining Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi olib borgan qo‘shma ishlar natijasida qo‘lga olingan terrorchilardan 9 nafari sud qarori bilan qamoqqa olindi, bir kishining esa qo‘lga olish muddati uzaytirildi.
Qo‘lga olinganlardan biri Anqara vokzali hujumi bilan bog‘liq
MİT olib borgan razvedka ishlari davomida Turkiyadan Suriyaga o‘tib, DAISh safiga qo‘shilgan turk millatiga mansub shaxslar aniqlangan. Tekshiruvlarda ushbu shaxslarning DAISh tarkibida faoliyat yuritgani hamda Turkiyada amalga oshirilgan ko‘plab terror hujumlarida ishtirok etgani ma’lum bo‘ldi.
Qo‘lga olingan terrorchilardan biri — O’mar Dengiz Dundarning 2015-yilda 109 kishining hayotiga zomin bo‘lgan Anqara vokzali terror hujumi ijrochilari bilan aloqador ekani aniqlandi.
2017-yilda Turkiyada amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan hujumlarning oldini olish maqsadida o‘tkazilgan operatsiyalar vaqtida qo‘lga olingan ikki nafar xudkush terrorchining portlovchi moslamalarida o‘tkazilgan barmoq izi tekshiruvlarida ham O’mar Dengiz Dundarning izi topilgan.
Suriyada chegaradan tashqari operatsiya
MİT DAISh a’zolarining Suriyada ekanini aniqlagach, Suriya razvedka xizmati bilan aloqa o‘rnatdi. Muvofiqlashtirilgan ishlar natijasida terrorchilarning joylashuvi aniqlandi va ularning harakatlari bosqichma-bosqich kuzatildi.
O‘tkazilgan operatsiya natijasida 10 nafar DAISh terrorchisi Suriyada qo‘lga olinib, Turkiyaga olib kelindi.
MİT hamda Turkiya Ichki ishlar bosh boshqarmasining Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi olib borgan tergov ishlari natijasida 9 nafar DAISh a’zosi sud tomonidan hibsga olindi, bir kishining esa tergov muddati uzaytirildi.
Terrorchilar so‘roqda nimalarni tan oldi?
Qo‘lga olingan terrorchilar tergov davomida:
DAISh tomonidan berilgan terror hujumi buyruqlari,
tashkilot tarkibida olgan qurolli va diniy tayyorgarliklari,
DAISh nomidan olib borgan targ‘ibot faoliyatlari
haqida ma’lumot bergan.
Qizil byulleten bilan qidirilgan terrorchilar kimlar?
Ali Bo’ra
DAIShning “Turkiyadan mas’ul razvedka amiri” sifatida faoliyat yuritgan. 2014-yilda Suriyaga o‘tgan. Tashkilotning turli bo‘linmalarida ishlagan va ko‘plab janglarda qatnashgan. “Faruk ofisi” deb atalgan Turkiya viloyati tuzilmasida faoliyat olib borgan. Turk Qurolli Kuchlariga qarshi uyushtirilgan uchta hujum rejalashtiruvchilari orasida bo‘lgan.
O’mar Deniz Dundar
2014-yilda DAISh safiga qo‘shilish uchun Suriyaga o‘tgan. DAIShning turli bo‘linmalarida ishlagan, janglarda qatnashgan va “Faruk ofisi” tarkibida faoliyat yuritgan. 2015-yildagi Anqara vokzali terror hujumi ijrochilari bilan aloqador bo‘lgani aniqlangan. Shuningdek, Turkiyada sodir etilgan boshqa terror hujumlari bilan ham bog‘liqligi ma’lum bo‘lgan.
Husayn Pari
2014-yilda DAIShga qo‘shilgan. Tashkilotning tibbiy bo‘limida faoliyat yuritgan. 2015-yilda PYD/YPG tomonidan qo‘lga olinib, qamoqda saqlangan. Keyinchalik mahbuslar almashinuvi orqali ozod etilgan va 2019-yilgacha DAISh safida faoliyatini davom ettirgan.
Qodir Go‘zukara
DAIShga aloqador “Dokumachi guruhi” yetakchisi Mustafo Do’kumachining yo‘naltirishi bilan 2015-yilda Suriyaga o‘tgan. Nogiron bo‘lgani sababli jangovar harakatlarda qatnashmagan, ammo logistika va media faoliyatlarini olib borgan.
Abdulloh Cho’bo’no‘g‘li
2016-yilda Suriyaga o‘tgan. Salafiy-takfiriy guruhlar safida qurolli faoliyat yuritgan. Portlovchi qurilma hujumida oyog‘idan ayrilgan. 2020-yilda DAIShga bay’at qilib, media bo‘limida ishlagan.
Hakki Yuksak
2016-yilda DAIShga qo‘shilgan. Qurolli faoliyat va janglarda qatnashgan. Tashkilot hududiy nazoratni yo‘qotganidan keyin ham yashirin hujayra tuzilmasida faoliyatini davom ettirgan. Mustafo Dokumachining yordamchisi sifatida ishlagan.
Kadir Demir
2016-yilda Shanliurfadan Suriyaga o‘tgan. Idlib va unga tutash hududlarda salafiy-takfiriy guruhlar bilan faoliyat olib borgan. 2017-yilda DAIShga qo‘shilib, “Faruk ofisi”da ma’muriy mas’ul bo‘lgan.
Chekdar Yilmaz
2017-yilda Suriyaga o‘tib, harbiy tayyorgarlikdan so‘ng Idlib hududida qurolli unsur sifatida faoliyat yuritgan. Keyinchalik DAIShning “Faruk ketibasi” media bo‘limida ishlagan.
Murat O‘zdemir
2017-yilda DAIShga qo‘shilgan. Idlib hududida qurolli harakatlarda qatnashgan. Tashkilot hududiy nazoratni yo‘qotgach ham “Faruk ofisi”da faoliyatini davom ettirgan.
Ishak Gunji
2017-yilda Suriyaga o‘tgan. DAISh tarkibida qurolli janglarda qatnashgan. “Faruk ofisi”da faoliyat yuritgan va Asad rejimiga qarshi minomyot hujumlarida ishtirok etgan. Faoliyatini qo‘lga olinmaguncha davom ettirgan.




























