Turkiya adolatsiz savdo amaliyotlari tufayli PlayStation faoliyati yuzasidan tekshiruv boshladi.
Tergov davomida PlayStation konsollari uchun raqamli o‘yinlar hamda o‘yin ichidagi kontentlarni sotishda muqobil kanallarga qo‘yilgan cheklovlar bozordagi raqobatga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani o‘rganiladi.
Turkiya Raqobat boshqarmasi PlayStation o‘yin konsollari uchun raqamli o‘yinlar va o‘yin ichidagi qo‘shimcha kontentlarni tarqatish hamda sotish masalasida Sony kompaniyasiga nisbatan rasmiy surishtiruv boshladi.
Tekshiruv doirasida Sony Interactive Entertainment Inc., Sony Interactive Entertainment Europe, Sony Interactive Entertainment Network Europe Limited hamda Sony Eurasia Pazarlama A.Ş. kompaniyalaridan iborat guruh (umumiy nom bilan “Sony”) bozorda cheklovchi yoki ekspluatatsion shartlar qo‘yish orqali “Raqobatni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni buzgan-buzmagani o‘rganiladi.
Raqobat boshqarmasi tomonidan chorshanba kuni berilgan bayonotga ko‘ra, mazkur surishtiruv Kengashning 15-oktyabrdagi 26-38/1023-M-sonli qaroriga asosan boshlangan.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, Sony PlayStation konsollarining yagona ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi va ushbu qurilmalarga mos keluvchi barcha raqamli o‘yinlar hamda o‘yin ichidagi xaridlar faqat kompaniyaga tegishli PlayStation Store platformasi orqali tarqatiladi va sotiladi.
Mutaxassislar PlayStation Store orqali amalga oshirilgan savdolardan olinadigan komissiya to‘lovlari haddan tashqari yuqori yoki yo‘qligini, shuningdek, bu holat raqamli o‘yinlar narxining disk ko‘rinishidagi nusxalarga nisbatan qimmatlashishiga olib kelgan-kelmaganini baholaydi.
Bundan tashqari, tekshiruv davomida quyidagi holatlarga ham huquqiy baho beriladi:
Sony kompaniyasi raqamli o‘yinlar va kontentlarni boshqa platformalar orqali sotishni taqiqlash bilan raqobatchilarni bozordan siqib chiqarayotgani yoki yo‘qligi;
Kompaniya o‘yin ishlab chiquvchilar va noshirlarning iste’molchilarga muqobil savdo kanallari hamda arzonroq narxlar haqida ma’lumot berishiga to‘sqinlik qilayotgani yoki yo‘qligi.
Qayd etilishicha, surishtiruv boshlangani Sony kompaniyasi qonunni buzgani yoki unga nisbatan jarima qo‘llanilishini anglatmaydi.























