Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan birgalikda Rossiya Davlat rahbari Vladimir Putin bilan uchrashishga tayyor ekanini bildirdi.
BMT Bosh Assambleyasining 81 - sessiyasi yig‘ilishlarida ishtirok etish uchun hozirda Nyu - Yorkda bo‘lgan Ukraina Prezidenti Zelenskiy AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan o‘tkazgan ikki tomonlama uchrashuvdan so‘ng matbuot anjumani tashkil qildi.
Donald Tramp bilan uchrashuvi tafsilotlari haqida ma’lumot bergan Zelenskiy, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urushni imkon qadar tezroq tugatish kerakligini bildirib, «Menimcha, barchamiz imkon qadar tezroq harakat qilishimiz kerak» - dedi.
Zelenskiy 2022 - yilning fevralidan beri davom etayotgan Rossiya – Ukraina urushini tugatish uchun davlat rahbarlari uchrashishi kerakligini ta’kidladi.
Rossiya Davlat rahbari Vladimir Putin bilan uchrashishga tayyor ekanini bildirgan Zelenskiy, Tramp AQSh, Rossiya va Ukraina rahbarlari sammitini tashkil etish bo‘yicha ish olib borishi mumkinligini aytdi.
Ukraina Prezidenti bunday uchrashuv tashkil etilgan taqdirda, uch davlat rahbari urush bilan bog‘liq eng muhim masalalarni muhokama qilishi mumkinligini ta’kidlab, «Uch tomonlama uchrashuvga tayyorman ammo Putinning bunga tayyor ekaniga ishonmayman. U urushni tugatishga tayyor emas», - deya baholadi.
Urush doirasida energetika sohasida sulhga erishish masalasini ham uchrashuvda muhokama qilganliklarini bildirgan Zelenskiy, «Rossiya energetika sohamizga hujum qilmasa, biz energetika bo‘yicha sulhga tayyormiz», - dedi.
Zelenskiy bunday sulhga erishish uchun Ukrainaning takliflari AQSh tomonidan Rossiyaga yetkazilishini ma’lum qildi.
Patriot havo mudofaa tizimlarida qo‘llaniladigan raketalarni ishlab chiqarish uchun avvalroq AQShdan tegishli litsenziya so‘raganliklarini yodga solgan Zelenskiy, bu masala bo‘yicha AQShning tegishli rasmiylari bilan muzokaralar davom etayotganini ham o‘z so‘ziga ilova etdi.


















