TURKIYA
4 daqiqa o'qish
Hakan Fidan Turkiya-Hindiston munosabatlarini yaxshilashga chaqirdi
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan Hindistonni ixtiloflarni chetga surgan holda o‘zaro manfaatlarga diqqat qaratishga chaqirdi.
Hakan Fidan Turkiya-Hindiston munosabatlarini yaxshilashga chaqirdi
Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan 2026-yil 2-iyun kuni Singapurdagi Xalqaro strategik tadqiqotlar institutida (IISS) nutq soʻzlamoqda. / Reuters

Tajribali hind diplomati Talmiz Ahmad so‘nggi diplomatik aloqalar ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilanayotganidan dalolat berayotganini aytdi.

Hakan Fidan Turkiya va Hindiston o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashga chaqirib, Anqaraning Pokiston bilan yaqin aloqalari mintaqaning ikki muhim davlati o‘rtasidagi hamkorlikka to‘sqinlik qilmasligi kerakligini ta’kidladi.

O‘tgan hafta Singapurda bo‘lib o‘tgan Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti (IISS) 6-Raffles konferensiyasida so‘zga chiqqan Fidan Turkiya va Hindiston o‘rtasida jiddiy ikki tomonlama nizolar yo‘qligini, aksincha, samarali munosabatlarni rivojlantirish uchun ko‘plab asoslar mavjudligini bildirdi.

Konferensiyadan keyingi savol-javob sessiyasida Fidan shunday dedi:

“Hindiston bilan mukammal munosabatlar o‘rnatishni istaymiz. Bizning Hindiston bilan umumiy chegaramiz yo‘q va hal etilmagan ikki tomonlama masalalarimiz ham mavjud emas”.

Fidan ikki davlat o‘rtasida o‘tmishda hech qanday mojaro bo‘lmaganini eslatib, aksincha, mustahkam hamkorlik o‘rnatish uchun barcha zarur omillar yetarli ekanini qayd etdi.

Tashqi ishlar vaziri Anqaraning Pokiston bilan uzoq yillik aloqalari tarixiy birdamlikka asoslanganini va bu munosabatlar Yangi Dehli bilan hamkorlik yo‘lidagi to‘siq sifatida ko‘rilmasligi lozimligini alohida ta’kidladi.

“Hindiston bilan muammolarimiz bo‘lmaganidek, Pokiston bilan yaxshi aloqaga ega yagona davlat ham biz emasmiz”, — dedi Fidan.

U davlatlar ayrim masalalarda kelishmovchiliklarga ega bo‘lsa-da, umumiy manfaatlar yo‘lida sheriklikni davom ettira olishini misollar bilan tushuntirdi:

“Masalan, Rossiya, AQSh yoki ayrim Yevropa davlatlari bilan ba’zi masalalarda fikrlarimiz turlicha. Biroq biz salbiy masalalarni boshqa sohalardagi hamkorlikdan ajrata olamiz. Muammolarni qavs ichiga olib, ijobiy kun tartibi bilan oldinga yurish mumkin”.

Fidanning fikricha, aynan shu yondashuv Turkiya va Hindiston munosabatlariga ham tatbiq etilishi zarur.

“Birgalikda juda ko‘p ish qila olamiz, bir-birimizdan foyda ko‘ra olamiz va bunga yetarlicha siyosiy yetuklikka egamiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Hindiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar 2025-yil may oyida yuz bergan to‘rt kunlik Hindiston–Pokiston urushidan so‘ng murakkab bosqichga kirgan edi. Yangi Dehli Anqaraning Pokistonni qo‘llab-quvvatlagani va hind tomonining harbiy harakatlarini tanqid qilganidan norozi bo‘ldi.

Shu bilan birga, Turkiya 2025-yil 22-aprelda Hindiston nazoratidagi Kashmirda sodir etilgan va tinch aholiga qaratilgan terror hujumini qoralagan ilk davlatlardan biri bo‘lgan edi. O‘shanda Turkiya Tashqi ishlar vazirligi ushbu hodisani “jirkanch terror hujumi” deb atagan edi.

Biroq Anqara Hindistonning 2025-yil 6-may kuni Pokistondagi fuqarolik infratuzilmasiga uyushtirgan hujumlarini ham qoralab, Islomobodning mazkur terror xuruji bo‘yicha xalqaro tergov o‘tkazish chaqirig‘ini qo‘llab-quvvatladi.

Diplomatik aloqalar qayta tiklanmoqda

Fidanning ushbu bayonotlari ikki davlat o‘rtasida diplomatik aloqalar qayta jonlanayotgan bir paytda yangradi. Aprel oyida Hindiston Turkiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Berris Ekinchini to‘rt yillik tanaffusdan keyin ilk bor o‘tkazilgan 12-Hindiston–Turkiya tashqi ishlar maslahatlashuvlarida ishtirok etish uchun Yangi Dehliga taklif qildi.

Saudiya Arabistoni, Ummon va BAAda elchi bo‘lib ishlagan tajribali hind diplomati Talmiz Ahmad Fidanning bayonotlari va so‘nggi voqealarni ijobiy signal sifatida baholadi.

“Har ikki tomonda ham o‘tmishni ortda qoldirib, munosabatlarni qanday tiklash mumkinligini ko‘rishga intilish mavjud”, — dedi Ahmad.

Umumiy manfaatlar ko‘lami keng

Ahmadning ta’kidlashicha, ayrim siyosiy kelishmovchiliklarga qaramay, Turkiya va Hindiston ko‘plab umumiy manfaatlarga ega va ikki tomonlama munosabatlarda hali foydalanilmagan katta salohiyat mavjud.

“Birgalikda amalga oshirishimiz mumkin bo‘lgan juda ko‘p ijobiy ishlar bor”, — dedi u.

Diplomat Turkiyaning infratuzilma, ishlab chiqarish, energetika va logistika sohalaridagi tajribasiga alohida e’tibor qaratdi:

“Turkiya infratuzilma sohasida dunyoning yetakchi davlatlaridan biri. Energiya o‘tishi va savdo yo‘laklari bo‘yicha noyob tajribaga ega. Energetika masalalari kelajakda ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi”.

U, shuningdek, G‘arbiy Osiyodagi beqaror vaziyat fonida Anqara va Yangi Dehli o‘rtasidagi muloqotning strategik ahamiyatini ham qayd etdi:

“G‘arbiy Osiyodagi voqealardan bevosita ta’sirlanayotgan ikki yirik davlat sifatida Hindiston va Turkiya bir-biri bilan doimiy muloqotda bo‘lishi kerak. Har doim ham bir fikrda bo‘lmasligimiz mumkin, ammo muloqot uzilib qolmasligi zarur”.

Madaniy aloqalar ham mustahkam

Strategik va iqtisodiy hamkorlikdan tashqari, Turkiya va Hindiston uzoq yillik madaniy rishtalarga ham ega. So‘nggi yillarda Turkiya hind sayyohlari orasida tobora ommalashib, ayniqsa, Istanbul va O‘rta yer dengizi bo‘yidagi hududlar hashamatli hind to‘ylari o‘tkaziladigan mashhur manzillarga aylandi.

Bollivud filmlarining Turkiyada suratga olinishi va turk seriallarining Hindistonda keng tomoshabinlar auditoriyasini topishi ham ikki xalq o‘rtasidagi madaniy yaqinlikni kuchaytirdi. Buning yorqin misollaridan biri sifatida Bollivud yulduzi Aamir Xonning 2017 va 2020-yillarda Turkiyaga qilgan tashriflarini ko‘rsatish mumkin.

Ko‘p tomonlama platformalarning o‘rni

Ahmad BRICS va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHT) kabi platformalar ham ikki davlat uchun yangi istiqbollarni yaratishini ta’kidladi. Uning fikricha, mamlakatlar kengroq strategik manfaatlar mavjud bo‘lganda ikki tomonlama kelishmovchiliklarni chetga sura oladi.

Fidan esa Turkiyaning Hindiston bilan hech qanday muammosi yo‘qligini yana bir bor ta’kidlab, Yangi Dehlini Anqarani faqatgina Pokiston bilan aloqalari prizmasi orqali baholamaslikka chaqirdi:

“Bizning Hindiston bilan ikki tomonlama muammomiz yo‘q va Hindistonni masalaga boshqacha nuqtai nazardan qarashga chaqiramiz”.

Ahmad esa, agar diplomatik ijobiy qadamlar davom etsa, Hindiston ham bunga munosib ravishda ijobiy javob qaytarishini bildirdi.

Hozircha Anqara va Yangi Dehli ayrim fikr tafovvutlariga qaramay, muloqot va amaliy hamkorlik ushbu kelishmovchiliklarning garoviga aylanib qolmasligi kerakligi haqida signal bermoqda. Fidanning ta’biri bilan aytganda, eng muhim vazifa — kelishmovchiliklarni “qavs ichiga olib”, ikki yirik davlat o‘rtasidagi keng imkoniyatlarga e’tibor qaratishdir.