DUNYO
1 daqiqa o'qish
Ukraina-Polsha chegara punktiga bo‘lgan tahdidning oldi olindi
Polsha Bosh vaziri Donald Tusk kecha Ukraina bilan chegarani kesib o'tish joyiga "to'g'ridan-to'g'ri tahdid"ning oldi olinganini ma'lum qildi.
Ukraina-Polsha chegara punktiga bo‘lgan tahdidning oldi olindi
Polsha Bosh vaziri Tusk

Polsha matbuotining xabar berishicha, Bosh vazir Donald Tusk Slovakiya poytaxti Bratislavada Vengriya, Chexiya, Slovakiya va Irlandiya hukumat rahbarlari bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida muhim bayonotlar berdi.

Tusk Polsha va Ukraina rasmiylari o‘rtasidagi yaqin hamkorlik natijasida kecha oqshom "chegara punktlaridan biriga qaratilgan bevosita tahdid"ning oldi olinganini ma’lum qildi.

Rossiyaning Moldovadagi chegara postlariga nisbatan provokatsion hujumlar uyushtirayotganini da’vo qilgan Tusk: "Polsha va boshqa mamlakatlarda amalda bo'lgan Ukraina bilan chegaradosh postlarni nishonga oluvchi shunga o‘xshash harakatlar sodir bo‘lishini kutyapmiz", — dedi.

Kechasi yuz bergan voqeani ushbu tahdidlarning "sinov namoyishi" deb atagan Tusk, Polsha har qanday sabotaj harakatlari hamda boshqa provokatsiyalarga doimo shay turishi kerakligini ta’kidladi.

Xavfning aynan nimalardan iborat bo‘lgani yoki gap qaysi chegara punkti haqida ketayotganiga oid tafsilotlarni ochiqlamagan Bosh vazir: "Polsha va butun Yevropa nafaqat Rossiya-Ukraina frontidagi vaziyat, balki Yevropa Ittifoqining sharqiy qanoti xavfsizligi nuqtayi nazaridan ham har qanday ssenariylarga tayyor turishi lozim", — deya qo‘shimcha qildi.

Tusk, shuningdek, yaqin oylarda yuz berishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy voqealar yuzasidan AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB/CIA) direktori Jon Retkliffdan (John Ratcliffe) shaxsan "juda aniq va batafsil hisobot" olganini qayd etdi.