Rasmiylarning dushanba kuni ma’lum qilishicha, qurbonlar orasida to‘rt nafar politsiyachi va uch nafar fuqaro bor.
Iqtisodiy va boshqaruv sohasida islohotlar talab qilayotgan, hukumatga qarshi harakat sifatida tanilgan Qo‘shma Avamiy Harakat Qo‘mitasi (JAAC) tarafdorlari mahalliy hukumat tomonidan guruh terrorizmga qarshi qonunlar asosida taqiqlanganidan so‘ng ham namoyishlarni davom ettirishlarini bildirgan edi.
To‘qnashuvlar yuz bergan Ravalakot shahrining eng yuqori martabali fuqaroviy amaldori Komissar Sardor Vahid AFP agentligiga uch nafar fuqaro halok bo‘lgani va 40 kishi yaralanganini ma’lum qildi.
Politsiya esa to‘rt nafar xodim halok bo‘lgani va 23 nafar politsiyachi jarohatlanganini tasdiqladi.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, JAACning markaziy ofisi yakshanba kuni muhrlangan va Pokiston nazoratidagi Qashmirning eng yirik shahri Muzaffarobodda ommaviy yig‘ilishlar taqiqlangan.
AFP muxbirining bildirishicha, Muzaffaroboddagi do‘konlar ochiq bo‘lgan, xavfsizlik kuchlari esa dushanba kuni shahar bo‘ylab patrullik qilgan.
Shahar aholisi hafta oxirida kutilayotgan namoyishlar va komendantlik soati ehtimoli sabab oziq-ovqat va zarur mahsulotlarni zaxiralash uchun do‘konlarga oqib kelgan.
JAAC a’zolari o‘zlarining “terrorchi tashkilot” sifatida tasniflanishini “zulm” deb atab, iqtisodiy va siyosiy huquqlarini talab qilayotganliklarini ta’kidlamoqda.
Rasmiylar hafta oxirida JAACning 70 nafardan ortiq a’zosi hibsga olinganini tasdiqladi.
Sentabr oyida Himolay mintaqasida politsiya va JAAC yetakchiligidagi namoyishchilar o‘rtasida bir necha kun davom etgan to‘qnashuvlarda to‘qqiz kishi halok bo‘lgani tasdiqlangan edi.
Hindiston ham, Pokiston ham musulmonlar ko‘pchilikni tashkil etuvchi Qashmir hududiga to‘liq da’vo qilmoqda. Biroq hudud Britaniya mustamlakasidan mustaqillikka erishganidan buyon ikki davlat o‘rtasida bo‘linib qolgan.


















