SIYOSAT
2 daqiqa o'qish
Bangladesh Turkiyani nihoyatda muhim hamkor deb atadi
Bangladesh Tashqi ishlar vaziri Xalilur Rahmon: Turkiya Bangladeshning BMT Bosh Assambleyasiga raislik bo‘yicha nomzodini qo‘llab-quvvatlagan nihoyatda muhim hamkordir”.
Bangladesh Turkiyani nihoyatda muhim hamkor deb atadi
Tashqi ishlar vaziri Fidan Bangladesh tashqi ishlar vaziri Rahmon bilan uchrashdi

Bangladesh Tashqi ishlar vaziri (yoki BMT Bosh Assambleyasining bo‘lajak raisi) Rahmon poytaxt Dakka shahrida Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan bilan o‘tkazilgan uchrashuv yakunlari bo‘yicha tashkil etilgan qo‘shma matbuot anjumanida bayonot berdi.

Vazirlik lavozimidagi ilk xorijiy tashrifini Turkiyaga amalga oshirganini eslatib o‘tgan Rahmon, bugun ham hamkasbi Hakan Fidan bilan o‘zaro hurmat va chuqur anglashuv ruhida muzokaralar o‘tkazganini bildirdi. Mazkur uchrashuv Bangladesh va Turkiya o‘rtasidagi ko‘p yillik do‘stlik munosabatlarining yaqqol ifodasi ekanini qayd etgan vazir, Fidanning dakkaga tashrifini yuksak baholadi.

“Turkiya — biz uchun nihoyatda muhim va strategik hamkor. Anqara Bangladeshning BMT Bosh Assambleyasi raisligiga ko‘rsatilgan nomzodini ilk kunlardanoq qo‘llab-quvvatladi. Biz Turkiyaning ushbu yordamini hech qachon unutmaymiz”, — dedi Rahmon.

Vazir, shuningdek, bugungi global tahdidlar qarshisida ko‘p tomonlama hamkorlik mexanizmlari har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etayotganini urg‘uladi. Hakan Fidanning tashrifi Bangladesh-Turkiya munosabatlarida yangi va muhim davrni boshlab berganini qayd etib, ikki davlat o‘rtasidagi sheriklikni yanada yuqori bosqichga olib chiqish bosh maqsad ekanini aytdi.

Muzokaralar chog‘ida iqtisodiy aloqalarga ham alohida to‘xtalib o‘tilgan. Rahmon turkiy sarmoyadorlarni Bangladeshdagi maxsus iqtisodiy hududlarda yaratilgan qulay investitsiya muhiti va keng imkoniyatlardan faol foydalanishga chaqirganini ma’lum qildi.

Rohinja inqirozi va Turkiyaning insonparvarlik ko‘magi

Bangladesh duch kelayotgan eng og‘ir insonparvarlik va diplomatik muammolardan biri Rohinja inqirozi ekanini ta’kidlagan Rahmon, ushbu masala bo‘yicha muqaddam xalqaro miqyosda muhim vazifalarni bajargani sababli muammoning ko‘lami hamda og‘irligini yaqindan bilishini qayd etdi. U BMT Bosh Assambleyasi raisligiga saylanganidan keyingi qabul nutqida ham Rohinja qochqinlari masalasini yana bir bor dunyo hamjamiyati kun tartibiga olib chiqqanini eslatib o‘tdi.

Anqaraning Rohinja inqirozidagi rolini yuqori baholagan vazir, Turkiya fojia boshlangan ilk kunlardanoq insonparvarlik yordami va diplomatik qo‘llab-quvvatlash borasida hamisha Bangladesh bilan yelkadosh bo‘lib kelayotganini ta’kidladi.

Rahmon tashrif doirasida Hakan Fidanning Rohinja qochqinlari lagerlariga shaxsan borishini ma’lum qildi. U yerda faoliyat ko‘rsatayotgan Turk dala shifoxonasi lagerlardagi eng muhim va hayotiy yordam mexanizmlaridan biri ekanini e’tirof etib, Turkiya ushbu inqirozni hal etishga qaratilgan mintaqaviy va xalqaro tashabbuslarga ulkan hissa qo‘shayotganini alohida qayd etdi.